«Salar» kanali bo‘yida va shu nomli suv tozalash inshooti atrofida ishlaydigan ishlab chiqarish binolari va kushxonalar Toshkent tashqarisiga o‘tkaziladi, deya xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Terini qayta ishlash, to‘qimachilik va parrandachilikka ixtisoslashgan korxonalar, shuningdek, qoramol kushxonalari Toshkent viloyatining Olmaliq va Ohangaron tumanlarida tashkil etilgan «maxsus sanoat zonalari»ga o‘tadi.

Mazkur qaror mahallalar aholisining tozalash inshooti atrofidagi murojaatlarini o‘rgangan ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalari asosida qabul qilinib, mazkur korxona vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvda e’lon qilindi.

Uchrashuvda «Salar» oqava suvlarni tozalash inshooti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar berildi. Ularning ta’kidlashicha, qayta ishlanmagan oqavalar inshootga tashlanishi to‘xtatilganidan so‘ng, bugungi kunda bu yerdagi yoqimsiz hid ancha kamaygan.

10 may kuni «Gazeta.uz» «Toshkent shaxar suv ta’minoti»ga tayanib, Sergeli tumanining O‘zgarish mahallasidan tarqalayotgan yoqimsiz hidning asosiy sababi «Salar» to‘yintirish inshooti va Bo‘zsuv kanaliga turli korxona va tashkilotlar tomonidan oqova suvlar va chiqindilarning oqizilishi ekanligi haqida yozgan edi. Keyinroq esa Senat Hukumat qarori loyihasi bilan Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishiga sababchi bo‘lgan korxonalarning lokal tozalash inshootlarida rekonstruksiya qilish hamda beshta charm sanoat korxonasini Toshkentdan tashqariga ko‘chirish reja qilinayotganini ma’lum bo‘ldi.

Biznes-ombudsman ruxsati bilan «Bektemir» va «Salar» tozalash inshootlariga chiqindi suvlarni oqizayotgan korxona va tashkilotlar tekshiruvdan o‘tkazildi. «Toshkent shahar suv ta’minoti» 5 ta teri zavodi, 6 ta to‘qimachilik koxonasi va boshqalardan iborat 18 ta potensial xavfli korxona ro‘yxatini taqdim etdi.

Tekshirishlar natijasiga ko‘ra, korxona va tashkilotlarning 22 nafar mas’ul shaxsiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.