3 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida respublikadagi sharoiti og‘ir bo‘lgan mahallalarni har tomonlama rivojlantirish masalalasiga ham to‘xtab o‘tildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev respublikadagi eng og‘ir sharoitdagi mahallalarga 100 mln dollar ajratish bo‘yicha topshiriq berdi. «Qarorga bugunoq qo‘l qo‘yib berishga tayyorman», — dedi u.

Qolaversa, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, transport vaziri Ilhom Maxkamovga yil yakunigacha kamida 100 ta yangi yo‘nalishlar tashkil etib, jamoat transporti yetib bormagan 1113 ta mahallani ham qamrab olish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda mutasaddilarga 9 oy yakunida byudjetga 93 trillion so‘m soliq va 23 trillion so‘m bojxona tushumlarini ta’minlashga oid vazifalar berildi.

«Nurmuratov (Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov — tahr.) yil yakuniga qadar iqtisodiyotga ajratilgan kredit hajmini 135 trillion so‘mga yetkazish, shundan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 9 trillion so‘m kreditlar ajratishni ta’minlasin», — dedi prezident.

Shuningdek, Markaziy bank raisiga yillik inflyatsiya darajasini prognoz ko‘rsatkichlari doirasida (10 foiz) bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha barcha zaruriy choralarni ko‘rib borish topshirig‘i berildi.

Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sishni 6,5 foiz darajadan kam bo‘lmasligi uchun tarmoq va hududlar kesimida haftalik nazorat o‘rnatib, mavjud muammolarni hal etish va qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish choralarini ko‘rib borishi kerakligi aytildi.