Germaniyada sentabr oyida keksa yoshdagi va xavf osti guruhida bo‘lgan fuqarolarni COVID-19 ga qarshi vaksinaning uchinchi dozasi bilan emlashni taklif eta boshlaydilar, deb xabar bermoqda The Guardian. 12 yoshdan oshgan bolalar ham emlash dasturiga kiritiladi.

The New York Times aniqlik kiritishicha, uchinchi doza uchun Pfizer/BioNTech yoki Moderna vaksinalari qo‘llaniladi. Fuqaro bundan oldin qaysi vaksinani olganidan qati nazar mazkur preparatlar bilan emlanadi.

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Germaniyada aholining yarmidan ko‘pi to‘liq emlangan va aholining qariyb 62 foizi vaksinaning kamida bir dozasini olgan.

Avvalroq, 60 yoshdan oshgan odamlarni Pfizer/BioNTech vaksinasining uchinchi dozasi bilan emlash to‘g‘risidagi qaror Isroilda ham delta shtammining kuchayib borayotgan infeksiyasi fonida qabul qilingan edi.

Pfizer iyul oyida Pfizer/BioNTech`ning uchinchi dozasi tananing delta shtammidan himoyasini “sezilarli darajada” kuchaytirishi mumkinligi haqidagi yangi ma’lumotlarni e’lon qilgan edi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, preparatning uchinchi dozasini olgan 18 dan 25 yoshgacha bo‘lgan odamlarda delta shtammiga qarshi antitanachalar darajasi besh baravar oshadi.

Pfizer/BioNTech va Moderna vaksinalari COVID-19 ga qarshi mRNK vaksinalaridir. Mushak ichiga, mos ravishda 21 va 28 kunlik tanaffus bilan, ikki dozada emlanadi.