YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasi koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekiston hukumatiga 2016 yilda jahon merosi obyektlarining «xavotirli ro‘yxati»ga kiritilgan Shahrisabzning tarixiy markazini qayta tiklash bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazishi uchun yana bir yil muddat taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqida Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qaror YUNESKO qo‘mitasining Xitoyning Fuchjou shahrida bo‘lib o‘tgan 44-sessiyasi jarayonida qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning iyulida YUNESKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 40-sessiyasida qurilish ishlari vaqtida YUNESKOning Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konvensiya me’yorlari buzilgani sababli Shahrisabzning tarixiy markazini xavf ostida bo‘lgan Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritishga qaror qilgan edi.

2018 yilda qo‘mitaning navbatdagi sessiyasi kun tartibidan Shahrisabzning tarixiy markazini Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatidan chiqarish masalasi o‘rin oldi, biroq shahar ro‘yxatda qoldi. 2019 yil yozida O‘zbekiston hukumatiga ikki yil muddatda Shahrisabzning tarixiy markazini «xavotirli ro‘yxat»dan chiqarish uchun regeneratsiya rejasini ishlab chiqish topshirildi.

Shahrisabzning tarixiy markazi 2000 yildan ziyodroq o‘tmishga ega bo‘lib, 2000 yilda YUNESKOning Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Shahar markazida Amir Temur va temuriylar davriga oid XIV-XV asrlarda barpo etilgan arxitektura yodgorliklari va qadimiy mavzelar joylashgan.