Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari 9 iyul kuni mahbusni qamoqxonadan ozod qilishga va’da bergan Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidan bo‘lgan fuqaroni qo‘lga oldi. Bu haqida «Yoshlar» telekanali xabar qildi.

Tezkor tadbir davomida muqaddam sudlangan 32 yoshli Ye. Termiz tumanidan bo‘lgan tanishiga 70 ming dollar evaziga 19 yilga qamalgan mahbusni muddatidan avval ozod qilishni taklif etgani aniqlandi. Mahbus Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi qamoqxonada jazo muddatini o‘tamoqda (10 yil).

Erkak kishi buni IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamentidagi yaqin tanishi orqali amalga oshirishiga ishontirmoqchi bo‘lgan. Yakunda fuqaroToshkentda 25 ming dollarni olayotgan vaqtda ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (o‘ta yirik miqdorda firibgarlik) va 211-modda 1-qismi (pora berish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.