Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Davlat rahbari so‘zi avvalida pandemiyani yengib o‘tish doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Pandemiya davrida dunyo bo‘ylab koronavirus aniqlangan 200 million nafar bemorning 4,2 million nafari vafot etdi. Mamlakatimizda ham iyun oyining ikkinchi yarmi va iyul oyidan kasallanish ko‘rsatkichlari keskin o‘sib, kunlik yangi kasallanish holatlari o‘rtacha 750−800 tani, pnevmoniya esa 450−500 tani tashkil etmoqda», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda 10 mingga yaqin bemor shifoxonada, 3 ming nafari uy sharoitida davolanayotgan bo‘lsa, 2,4 ming nafari og‘ir, 890 nafari o‘ta og‘ir ahvolda.

«Shunday bo‘lsada, kasallikni davolash va uni oldini olish bo‘yicha yetarli tajriba orttirdik. Sog‘liqni saqlash tizimi shay holatga keltirilib, barcha zarur vositalar, yetarli dori-darmon va tibbiyot jihozlari bilan ta’minlandi. Ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlari keskin karantin cheklovlarisiz faoliyatini davom ettirmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident pandemiyadan imkon qadar yo‘qotishlarsiz o‘tish va keyingi to‘lqinlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, xalqdan muhim shartga qat’iy amal qilish talab etilishini ta’kidladi.

«Virusdan himoyalanish va uni yengishning eng muhim sharti — bu albatta vaksinatsiya. Qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, ushbu maqsadlar uchun bugungi kunga qadar 4 turdagi 13 million doza vaksina olib keldik. Qaysi turdagi vaksina bilan emlanish bo‘yicha aholida tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Hammasini bepul xalqimizga yetkazib berayapmiz», — dedi u.

Shu bois u emlash tadbirlarini keng joriy etish maqsadida kuni kecha maxsus qonunni imzolaganini qayd etdi. «Ushbu qonun orqali ish beruvchilarga sog‘lig‘iga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan, lekin profilaktik emlashni rad etgan xodimlarini ish joyiga kiritmaslik huquqi berildi», — dedi davlat rahbari.

Prezident shuningdek, odamlar karantin choralariga befarq qarayotganini ham qayd etdi.

«Yo‘lda qarab kelaman, bekatlarda 50 foiz odam niqob taqmagan. Aksariyat yo‘lovchilar ham, haydovchilar ham maska taqmasdan yuribdi. To‘y-tomoshalar to‘xtamagan, yaqinda mana OTMga kirish imtihonlari bo‘ladi. Abituriyentlarning yaqinlari imtihonlarni kuzatish uchun kelishadi. Ular orasida ijtimoiy masofani saqlash va gigiyenaga amal qilishni nazorat ostiga olish kerak. To‘y marosimlarida 50 kishilik cheklov va test sinovlarida karantin talablariga amal qilinishi qat’iy nazorat ostida bo‘lishi shart», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qolaversa, mutasaddilarga dorixonalarga dori vositalarini yetkazib berish va noqonuniy dori oldi-sotdisining oldini olishga oid topshiriqlar berildi.