Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Poytaxtda 9165 ta ko‘p qavatli uy, 3475 ta ijtimoiy obyekt markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan. Lekin, magistral va tarqatish tarmoqlarning 72 foizi, markaziy qozonxonalarning hammasi, mahalliy qozonxonalarning 90 foizi eskirgan.


Bu xarajatlarning haddan ziyod ortib, xizmat sifati pasayishiga sabab bo‘lmoqda, deyiladi xabarda. Masalan, o‘tgan yili issiqlik energiyasi yo‘qotilishi 44 foizni, pulga chaqqanda, 630 mlrd so‘mни ($60 mln) tashkil etgan. Buning uchun 460 mln kub metr tabiiy gaz, 55 mln kub metr ichimlik suvi, 154 mln kVt elektr energiyasi ortiqcha sarflangan.

Oqibatda «Toshissiqquvvati» davlat unitar korxonasining kreditor qarzdorligi yuqoriligicha qolmoqda. Xizmat sifati pastligi aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Buning oqibatida «Toshissiqquvvati» davlat unitar korxonasida juda katta debitor qarzdorlik — 2 trln so‘m ($190 mln) yig‘ilib qolgan. Bundan tashqari, korxona 2020 yilni 869 mlrd so‘mlik (daromad — 650 mlrd so‘m, harajatlar — 1,51 trln so‘m) kamomad bilan yakunladi. 2016−2020 yillarda «Toshissiqquvvati» davlatdan 228 mln dollar miqdorida subsidiya olgan.

Issiqlik ta’minoti sifatining pastligi aholining jiddiy shikoyatlariga sabab bo‘lmoqda, deyiladi xabarda.


Toshkent shahri hokimiyati loyiha konsepsiyasini tayyorlab, takliflar olish uchun tanlov e’lon qildi. Osiyo taraqqiyot bankining xulosasiga ko‘ra, Fransiyaning «Veolia» kompaniyasining loyihasi eng samarador deb topildi. Bu kompaniya Polsha, Chexiya, Ruminiya, Litva, Germaniyadagi shaharlarda issiqlik tizimini boshqarish tajribasiga ega.

Tez orada Toshkent shahar hokimligi bilan kompaniya o‘rtasida xususiy sheriklik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda.

Loyihani amalga oshirish muddati 30 yilни tashkil etadi. Veolia kompaniyasi o‘z hisobidan 315 mln yevro hamda loyiha davrida olinadigan daromad hisobidan 1 mlrd 80 mln yevro yo‘naltiradi.

Loyiha doirasida 181 ta issiqlik qozonxonasi modernizatsiya qilinishi, 28 mingta issiqlik punkti o‘rnatilishi, 841 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilinib, 576 kilometr tarmoq yangidan qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 391 ta maxsus avtomashina va boshqa uskunalar sotib olinadi. Xalqaro darajadagi texnik audit va billing tizimi joriy etiladi. 44,7 ming uyda 1,2 mln issiq suv hisoblagichlari va issiqlik energiyasini o‘lchash qurilmalarini o‘rnatish reja qilingan.

Taqdimotda, avvalo, issiqlik ta’minoti xizmatlarini DXSH asosida tashkil etish metodologiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Prezident taklif etilayotgan loyihani Toshkent shahridagi mavzelardan birida namuna sifatida joriy etib, samaradorligini tajribadan o‘tkazish, har tomonlama chuqur o‘ylab, qaror qabul qilish zarurligini ta’kidladi.

Boshqaruvga berishdan oldin «Toshissiqquvvati» davlat unitar korxonasiga tegishli mol-mulk va binolar xatlovdan, ko‘p qavatli uylarning issiqlik ta’minoti tizimlari texnik va energetik auditdan o‘tkazilishi belgilandi.

Issiqlik tizimini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Loyiha doirasida olingan sof foydaning 10 foizdan oshgan qismi mazkur jamg‘armaga o‘tkazib boriladi.

Maxsus texnika, uskuna va materiallarni davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunga asosan ochiq tender orqali, maqbul narxlarda sotib olish kerakligi qayd etildi.

Veolia kompaniyasi bilan birga mahalliy mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.


Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov 10 yil ichida Toshkentdagi barcha qozonxonalarni yopiq issiqlik ta’minoti tizimiga o‘tkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki yil ichida loyihalar Bektemir tumanidagi Suvsoz massivida va Sergeli tumanidagi Nilufar ko‘chasida pilot loyihalar amalga oshiriladi.

2020 yilning yanvarida Janubiy Koreyaning CM Entech kompaniyasi Toshkentning issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, xususan, Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi 2-sonli issiqlik markazini rekonstruksiya qilish loyihasini taklif etdi. Ishning qiymati 70−100 mln dollarga baholangan.

Veolia Environnement — fransuz ko‘p tarmoqli kompaniya hisoblanadi. U to‘rtta faoliyat sohasiga: suv ta’minoti va uni tozalash, kommunal, energetika va transport xizmatlari ixtisoslashgan.