Oradan 16 yil o‘tib mamlakatga qaytgan Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Askar Akayev Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasidagi so‘roqdan keyin brifingda so‘zga chiqdi, deya xabar qildi «AKIpress» AA.

«Vatanga qaytish imkoniyatini berganlari uchun mamlakat rahbariyati, prezident Sadir Nurgojoyevichdan juda ham minnatdorman. Men hamkorlik qilish, yordamlashish uchun keldim», — dedi u.

Askar Akayev «Kumtor» oltin koni loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi ish bo‘yicha tergovga yordam bermoqchi ekanligini ma’lum qildi.

«Men Kumtorni qanday qurganimiz, Kumtorni nima uchun qurganimiz, qanday ehtimoliy xatolarga yo‘l qo‘yilganini chin yurakdan, samimiy aytish uchun keldim», — deya tushuntirish berdi mamlakatning birinchi prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, Askar Akayev 2005 yilda mamlakatdan qochib ketganidan buyon Qirg‘izistonda bo‘lmagan. 2021 yilning iyulida DMXQ raisi Kamchibek Tashiyev Askar Akayev «Kumtor» to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qidiruvga berilganini e’lon qildi.

Sobiq siyosatchi Rossiyada emigratsiyada yashadi va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullandi, 2006 yildan buyon Rossiya Fanlar Akademiyasining chet ellik a’zosi hisoblanadi.