30 iyul kuni Buxorodagi «Abdullaxon» madrasasi orqa tomon devorining bir bo‘lagi o‘pirilib tushgan, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Holat bo‘yicha Madaniy meros agentligining viloyat boshqarmasi, Buxoro shahar hokimligi, restavratorlar va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, joyida o‘rganish o‘tkazildi.

Hozirda mazkur hodisa ko‘p yillik «texnogen jarayonlar» — issiq va sovuq iqlim, yog‘ingarchiliklar va yer osti suvlarining ko‘tarilishi ta’sirida sodir bo‘lganligi aytilmoqda.

Respublika Madaniy meros agentligidan vakillari jalb qilinib, madrasa devorini qayta tiklash va zaruriy restavratsiya ishlarini tashkil etish ishlari boshlandi.

Shu bilan birga, Buxoroda texnogen jarayonlar oqibatida nurashi, yemirilishi va qulab tushishi ehtimoli yuqori bo‘lgan 40 ta madaniy meros obyektini umumbashariy qiymatini saqlash, ularda tiklash, restavratsiya va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha olimlar, restavratorlar va malakali mutaxasislar tomonidan o‘rganishlar o‘tkazilgan holda zarur chora-tadbirlar belgilanishi haqida Hukumatga aniq takliflar yuborildi.

Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan surishtiruv ishlari ham olib borilmoqda.