2 avgust kuni O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va o‘rtacha issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Faqat eng chekka sharqiy hududlarda bulutlilikning konvektiv rivojlanishi kuzatiladi. Buning hisobiga Farg‘ona vodiysida, shuningdek respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli mahalliy yomg‘ir yog‘adi. Tush vaqtiga kelib, havo harorati +36…+39 darajagacha ko‘tariladi. Bu avgust oyi boshidagi me’yordan +3…+4 darajaga yuqori bo‘ladi.

3 avgust va ish haftasining oxirigacha tekislik hududlarda havoning o‘rtacha issiq bo‘lishi davom etadi. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi, ammo ushbu kunlardagi anomal harorat iyul oyining eng issiq davridagidek ahamiyatli emas. Kechalari asta-sekin uzayadi, kunlar esa qisqarishni boshlaydi.

Ushbu haftaning katta qismi davomida respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida konvektiv bulutlarning rivojlanishi kuzatiladi. Buning natijasida mahalliy yomg‘ir va momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi.

Respublika bo‘yicha 2−4 avgustda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

2−5 avgustda respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi saqlanib turadi.