O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov dushanba kungi brifingda davlat rahbarining avgustning birinchi haftasidagi ish rejasi bilan tanishtirdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev haftani Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha taqdimotni o‘tkazish bilan boshlaydi. Qolaversa, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor ham rejada bor.

«Juma kuni prezidentimiz Turkmanistonning Avaza shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi (uchinchi) maslahat uchrashuvida ishtirok etadi», — dedi Sherzod Asadov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mexanizm Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ilgari surilgan va uchrashuv uchinchi marotaba o‘tkaziladi.

5−6 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan maslahat uchrashuvi doirasida savdo-sotiq, transport logistikasi, energetika, madaniy va gumanitar sohalarda mintaqaviy hamkorlikning muhim istiqbollari muhokama qilinadi.

Shuningdek, Iqtisodiy forum, Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi ayollari uchrashuvi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ko‘rgazmasi va milliy taomlar festivali ham bo‘lib o‘tadi.