Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining o‘ninchi kunida 2 nafar sportchi Olimpiada bellashuvlarida O‘zbekiston sharafini himoya qildi.

Yengil atletika. Bugundan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari doirasida yengil atletikaning bosqon uloqtirish yo‘nalishi bo‘yicha saralash bahslariga start berildi. Unda o‘zbekistonlik Suhrob Xo‘jayev ham ishtirok etdi.

Suhrob Xo‘jayev. Foto: MOQ axborot xizmati

«A» guruhida ishtirok etgan Xo‘jayev 71.26 metr natija qayd etdi. Bu uning uchun Olimpiadalardagi eng yaxshi ko‘rsatkichidir. Qayd etish joiz, Xo‘jayev avval London-2012 va Rio-2016 Olimpiadalarida ham qatnashib, 65.88 va 70.11 metr natija ko‘rsatgan edi.

Shu tariqa ushbu guruhda Suhrob Xo‘jayev so‘nggi pog‘onada (15) qoldi.

Yunon-rum kurashi. Olimpiya o‘yinlarining bugungi kuni doirasida yunon-rum kurashchisi Jalgasbay Berdimuratov 1/8 finalda Karapet Chalyan bilan bahs olib bordi. Jismoniy kuch va texnik jihatdan ustunlik qilgan raqib yakunda o‘z g‘alabasini tantana qildi va chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Chalyan finalga yetib borgan taqdirda Berdimuratov bronza medali uchun kurashish imkoniyatini saqlab qolishi mumkin edi. Chalyanning o‘zi esa yarimfinalda yutqazib, Berdimuratovning turnirdagi ishtirokiga nuqta qo‘ydi.

Jalgasbay Berdimuratov (ko‘k kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

Xabar e’lon qilingan vaqtda O‘zbekiston bitta oltin va bitta bronza medali bilan turnir jadvalining 45-pog‘onasini egallab turibdi.