30 iyul kuni Samarqand viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan Tayloq tumani markazida tezkor tadbir o‘tkazildi.

IIV axborot xizmati хабарига ko‘ra, tadbir davomida Samarqand shahar «Imom Vose» mahallasida yashovchi X. D. (1990 y.t.) chet davlatga ketishi va aviachipta olishi uchun kerak bo‘ladigan «COVID-19» virusi mavjud emasligi to‘g‘risidagi test tahlilini soxtalashtirgani va 180 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borish jarayonida fuqaro X. D. ning ukasi holatni rasmiylashtirmaslik va ishni ijobiy tomonga hal qilib berish evaziga tezkor xodimga 5 ming AQSh dollarini pora sifatida taklif qilgan.

Xodim IIO xodimiga pul taklif qilish, Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirgan. Shunga qaramay, fuqaro keyin kelib uchrashishini aytib chiqib ketgan. Xodim holat yuzasidan boshqarma boshlig‘iga bildirgi bilan murojaat qilgan.

«Bildirgiga asosan, 31 iyul kuni IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda Samarqand shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro I. X. tezkor xodimga 5 ming AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan» deyiladi xabarda.

Mazkur holat bo‘yicha Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Unga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi xavf solmoqda.