Toshkent viloyatida YPX xodimi 01 584 AAA raqamli Malibu haydovchisiga protokol tuzmoqchi bo‘lganida, unga ratsiya orqali haydovchini qo‘yib yuborish bo‘yicha buyruq berilgani haqida yozgan edik. Bu borada Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati izoh berdi.

Qayd etilishicha, mazkur holat 28 iyul kuni Toshkent viloyati Olmaliq shahar hududida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirlari davomida yuz bergan.

Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi Abror Ismoilov “O'ZTEMIRYO'LMASHTAʼMIR” unitar korxonasiga tegishli bo‘lgan Malibu rusumli avtomobil haydovchisini harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmagani uchun to‘xtatgan.

Tekshiruv davomida transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi barcha hujjatlar haydovchining yonida bo‘lgan.

Haydovchiga nisbatan MJtKning 125-moddasi 1-qismiga (xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzish) asosan EV-21 seriyali 10−972827 raqamli elektron shakldagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Foto: IIBB axborot xizmati

Ma’muriy bayonnomani rasmiylashtirish jarayonida YPX xodimining komandiri aloqaga chiqib, ko‘p ushlab turmasligini, haydovchiga nisbatan “xushmuomala"da bo‘lishini va transport vositasini qo‘yib yuborishini aytgan. Shundan so‘ng, haydovchi harakatni davom ettirgan.

“Ushbu holatda (ratsiya orqali bog‘langan) 2-mintaqaviy hudud YPX otryadi komandiri amaldagi me’yoriy hujjatlar talablarini buzganligi uchun intizomiy jazolandi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Toshkent viloyati IIBB ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan to‘liq tahlil qilinmagan, oydinlik kiritilmagan ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘radi.