Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan fuqaro vafot etgani haqida videoxabar chiqarilgan. Marhumning ukasi akasini olib ketishga kelgan profilaktika inspektori o‘sha kuni mast holda bo‘lganligini ta’kidlagan. Bundan tashqari, u akasining tanasidagi ko‘kargan joylar zarba natijasida bo‘lganini va IIB xodimlari uni olib ketib urganini da’vo qilmoqda.

Qashqadaryo viloyati IIB ushbu holat bo‘yicha bayonot berib, voqea tafsilotlari bilan bo‘lishdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Nishon tumani «Kaptarli» MFYda yashovchi J.S. 25 iyul kuni soat taxminan 19.30 larda tuman IIB HPB TP profilaktika katta inspektori kapitan I.Xolmatovning xizmat uyiga kelib, turmush o‘rtog‘i Nursoat Muxammadiyev Toshkent shahrida «Abu sahiy» bozorida ishlashini, u yerdan 25 iyul kuni soat taxminan 18.00 larda uyiga mast holatda yetib kelganligini, birozdan so‘ng, o‘ziga kelib, qo‘liga pichoq bilan janjal qilishni boshlaganligini, agarda unga chora ko‘rmasa, boshqa salbiy oqibatlar kelib chiqishi mumkinligini ma’lum qiladi.

Kapitan I.Xolmatov, fuqaro J.S.ning yashash xonadoniga borgan vaqtida Muxammadiyev spirtli ichimlikdan mast holda turmush o‘rtog‘ini haqorat qilib, qonuniy talabiga bo‘ysunmaganligi sababli, Nishon tumani Kaptarli MFYga qo‘shni bo‘lgan «Shirinobod» MFY profilaktika inspektori katta leytenant X.Po‘latovni chaqirgan. Katta leytenant X.Po‘latov bilan birgalikda «Shirinobod» MFYda yashovchi jamoatchilik vakili fuqaro G. A. ham kelgan.

Kelgusida oilada jinoyatlar sodir bo‘lishini oldini olish maqsadida kapitan I.Xolmatov J.S.ga turmush o‘rtog‘ini Narkologiya dispanseriga majburiy tartibda yotqizish bo‘yicha ariza yozib berishi lozimligini tushuntirgan. Biroq, u tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza yozib berishdan bosh tortgan. Bo‘lib o‘tgan holatni tegishli tartibda hujjatlashtirish maqsadida Muxammadiyev MFY binosiga olib borilib, MFY raisining 25 iyul kunidagi 2-sonli bildirish xatiga asosan, shu kunning o‘zida soat 23:20da viloyat Narkologiya dispanserida ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Viloyat IIBning ta’kidlashicha, ko‘rikdan o‘tkazish davomida, M.M.ga «mastlikni o‘rta og‘ir darajasi» tashxisi qo‘yilib, tanasida jarohatlar bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritish bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ushbu tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, kasallik tarixi ochilgan. Majburiy tartibda davolanish to‘g‘risidagi yo‘llanma asosida N.Muxammadiyev Qarshi tumani «Mirmiron» MFY hududida joylashgan viloyat Narkologiya dispanseriga topshirilgan.

Qarshi tuman IIBga 26 iyul kuni tushgan xabarga ko‘ra, shu kuni soat 20:45larda, fuqaro M.M. viloyat Narkologiya dispanserida vafot etgan. Sud-tibbiyot ekspertizasining 26 iyuldagi ma’lumotnomasida marhum N.Muxammadiyev"surunkali alkogolizm" natijasida vafot etganligi ko‘rsatilgan.

Viloyat IIB tomonidan marhum N.M.ning oilasi «Kaptarli» MFYda notinch oila sifatida ro‘yxatga qo‘yilganligi aniqlangan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan profilaktika inspektorlari X.I. va P.X.ga nisbatan Qashqadaryo viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot kotibining ma’lum qilishicha, hozirda ushbu holat yuzasidan Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Marhumning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Bundan tashqari, N.Muxammadiyevni viloyat dispanserida vafot etganligi hodisasi bo‘yicha viloyat Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar boshqarmalariga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Surxondaryo viloyati, Denov tumanida yashagan fuqaroni ichki ishlar xodimlari majburlab idoraga olib ketib, vahshiylarcha qiynab o‘ldirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani IIBga olib ketilgan fuqaro ham vafot etgani ma’lum bo‘lgan edi.