YPX mashinalariga 360 gradusda qoidabuzarliklarni aniqlaydigan qurilma o‘rnatilmoqda

O‘zbekistonda sinov tariqasida yo‘l-patrul xizmati mashinalariga 360 gradus radiusga ega bo‘lgan masofada qoidabuzarliklarni aniqlaydigan maxsus qurilmalar o‘rnatilmoqda. Qurilma to‘xtash va to‘xtab turish, harakatlanish tezligini oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga amal qilmaslik singari qoidabuzarliklarni qayd etadi va u orqali haydovchilarning yashash manziliga jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qaror yuboriladi.

Video: Zomindagi yong‘in o‘chirilayotganda havodan 30 tonnadan ziyod suv tashlandi

Mudofaa vazirligining vertolyotlari tomonidan yakshanba kuni Zomindagi o‘rmon yong‘inini o‘chirayotganda havodan olovga 30 tonnadan ziyod suv tashlandi.

“„Yaxshi yetib oling“ deb, qo‘yib yubor”. Toshkent viloyatida YPX xodimi jarima yozmasdan haydovchini qo‘yib yubordi

Toshkent viloyatida YPX xodimi Malibu haydovchisiga protokol tuzmoqchi bo‘lganida, unga ratsiya orqali haydovchini qo‘yib yuborish bo‘yicha buyruq beriladi. “Qo‘yvor bo‘ldi, ko‘p gapirmasdan. Yaxshi yetib oling deb tushuntirvor”, — deydi ratsiya orqali murojaat qilayotgan shaxs qaysi mashina ekanligini aniqlashtirgandan so‘ng. Mazkur jarayon Toshkent telekanali efirida uzatilgan.

Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi vaksina olgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi to‘liq emlangan, deya ta’kidladi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov. Ammo u davlat rahbari qaysi vaksina bilan emlanmaganini aytmadi.

Olmazor tumaniga yangi hokim tayinlandi

Azizxon Umarxonov Olmazor tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.

Qashqadaryoda profilaktika inspektori olib ketgan fuqaro vafot etdi. Uning yaqinlari IIB xodimlarini kuch ishlatishda ayblamoqda

Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan fuqaro Narkologiya dispanserida vafot etdi. Marhumning yaqinlari IIB xodimlari uni urib, kuch ishlatganligini gumon qilmoqda. Holat yuzasidan Qarshi tuman prokuratorasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar boshqarmalariga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Shavkat Mirziyoyev 5−6 avgust kunlari Turkmanistonga boradi

O‘zbekiston prezidenti shu hafta Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Turkmanistonga boradi. Uchrashuv kun tartibidan savdo-cotiq, transport logistikasi, energetika va madaniy sohalar muhokamasi joy olgan. Qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari uchrashuvi o‘tkazilishi ham rejada bor.

O‘zbekiston harbiylari Rossiya va Tojikiston bilan mashg‘ulotlarda qatnashadi

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari o‘zbek-rus-tojik hamkorligidagi o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etadi. 1 avgust kuni harbiylar uzoq masofali marsh asosida Tojikistondagi Harb-Maydon poligoniga yetib borishdi.

YPX xodimiga Malibu mashinasini qo‘yib yuborishni buyurgan komandir jazolandi

Toshkent viloyatida qoidabuzar Malibu haydovchisiga protokol tuzmoqchi bo‘lga YPX xodimiga ratsiya orqali chiqib, haydovchini qo‘yib yuborish buyurgan komandirga intizomiy jazo qo‘llanildi. “O'ZTEMIRYO'LMASHTAʼMIR” korxonasiga tegishli mashina haydovchisi esa xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jarimaga tortildi.

Surxondaryoda 5 nafar yigit IIB xodimlarini kaltakladi

Surhondaryoda voyaga yetmagan bolani do‘pposlayotgan besh nafar yigitni ogohlantirgan IIB xodimlari kaltaklandi. Ichki ishlar organlari xodimlarga qarshilik ko‘rsatgani va yengil tan jarohati yetkazgani uchun ularga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Prezident va tadbirkorlar uchrashuvi qoldirilganiga izoh berildi

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining tadbirkorlar bilan kutilayotgan uchrashuvi nima sababdan qoldirilganiga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirga qadar 10 mingga yaqin murojaat kelib tushgan va ularning 40 foizi hal etilgan. Murojaatlar dinamikasidan kelib chiqib, uchrashuv kuni qoldirilgan va takliflarni qabul qilish 5 avgustgacha davom etadi. Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov esa uchrashuvda ishbilarmonlarning qaysi qatlami ishtirok etishini ma’lum qildi.

Tokio-2020: Olimpiadaning o‘ninchi kunida ham O‘zbekiston medallarsiz qoldi

Tokioda bo‘lib o‘tayotgan Olimpiya o‘yinlarining o‘ninchi kunida o‘zbekistonlik sportchilar yengil atletika hamda yunon-rum kurashi bellashuvlarda qatnashishdi. Ammo musobaqaning navbatdagi kuni ham O‘zbekiston uchun medallarsiz yakunlandi.

Hyatt Regency Tashkent, Premier Hall va boshqa davlat aktivlari sentyabrda savdoga qo‘yiladi

Sentyabrdan yana 12 ta davlat aktivi, jumladan “Toshkent” va Hyatt Regency Tashkent mehmonxonalari, Premier Hall kinozali, Matbuot uyi, “Chotqol” dam olish zonasi, ikkita kichik sanoat zonasi va boshqalarni savdoga chiqarish rejalashtirilmoqda.

DXX va prokuratura Farg‘ona, Namangan va Surxondaryoda noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘ydi

DXX va prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Farg‘onaning Beshariq tumanida 35 sotix, Oltiariqda 20 sotix, Bog‘dodda 4,75 gektar yerni, Namanganning Chortoq tumanida 8 gektar va Surxondaryoning Bandixon tumanida 2 gektar maydonni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Samarqandda akasining ishini “ijobiy hal qilish” uchun IIB xodimiga $5 ming bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Samarqandda PSR-testi natijasini soxtalashtirib sotayotgan shaxs qo‘lga olindi. Uning ukasi “holatni rasmiylashtirmaslik va ishni ijobiy tomonga hal qilib berish” uchun IIB xodimiga 5 ming dollar bermoqchi bo‘lganida ushlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Andijonda yo‘lni to‘sib qo‘ygan fuqarolarga sud hukm o‘qildi

Andijonda viloyat hokimi qabuliga kira olmagan 17 kishidan iborat guruh hokimiyat yaqinidagi avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudi qarori bilan ularning 11 nafari 15 sutkagacha muddatga qamaldi, qolganlar jarimaga tortildi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Aholi Toshkent markazidagi bog‘ taqdiridan xavotirda — uning bir qismi biznes-markaz qurish uchun ajratilgan

Toshkent markazi aholisi Le Grande Plaza mehmonxonasi yaqinidagi katta yashil hududining taqdiridan xavotirda. Bu yerda 2019 yilda biznes-markaz qurish rejalashtirilgan edi. “Gazeta.uz” ushbu yer uchastkasi ajratilgan kompaniya rahbari va bu yerda har qanday qurilish bo‘lishiga qarshi aholi bilan gaplashdi.