Toshkent shahridagi «Markaz-1» va «Markaz-2» markaziy mavzelari aholisi Le Grande Plaza mehmonxonasi (sobiq «Tata» mehmonxonasi) yaqinidagi katta bog‘ hududining taqdiri haqida xavotirlanishmoqda. Shaharda bunday hududlar juda kam qolgan. «Gazeta.uz» surishtiruvlariga ko‘ra, bu yerda 2019 yilda biznes-markaz qurish rejalashtirilgan bo‘lgan.

O‘tgan haftada hududning bir qismi qizil-oq lenta bilan o‘ralib va gazon hamda yo‘lovchilar o‘tish joyi oq bo‘yoq bilan chizib chiqilganda ushbu yashil hududning taqdiri haqida xavotirlar boshlandi. Belgilangan hudud maydoni bino fundamentining maydoni tasviriga o‘xshab ketadi.


Ushbu bog‘ joylashgan «Shahrisabz» mahallasi aholisi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasiga murojaat qilishdi, qo‘mita shu vaqtning o‘zidayoq bog‘ hududiga Mirzo Ulug‘bek tumani inspeksiyasining inspektorlarini yuborishdi. O‘zini hudud uchun mas’ul deb tanishtirgan shaxs inspektorlarga bu yerda hech qanday qurilish rejalashtirilmaganligini, yer maydoni esa hududni tozalash uchun belgilanganligini ta’kidladi. U lenta kechgacha olib tashlanishini aytdi. Ertasiga lenta yo‘q edi.


Foto: Ekologiya davlat qo‘mitasi.

Toshkent uchun noyob bo‘lgan ushbu attraksionlarsiz, kichkina yo‘laklari, skameykalari va maysasi ustida bemalol dam olsa bo‘ladigan keng maysazorlari bor ushbu tinch bog‘ ko‘p yillardan beri mavjud.


Bog‘ dizayni eskizlari, 2017 yil.

2017 yilda O‘zbekistonda yangi prezident saylanganidan keyin ko‘p o‘tmay (Shavkat Mirziyoyev saylov kampaniyasi davomida bog‘lar va yashil hududlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish borasidagi rejalari borligini aytgan edi) bog‘ hududining rekonstruksiyasi boshlandi. Bog‘ 2018 yil yozida ochildi va u yerda trotuarlar yangilandi, velosiped yo‘lakchalari qurildi, maysazorlar yangilandi, quyosh batareyalaridan quvvat oladigan chiroqlar o‘rnatildi, yangi skameykalar paydo bo‘ldi va boshqa obodonlashtirish ishlari olib borildi.


Osma favvora.

Bog‘ mahalliy aholiga yoqdi va bu yerda odamlar to‘planishni boshladi, mahalla aholisi bu yerda yugurishadi, bolalar velosiped, samokat, rolik va skeytbordlarda uchishadi, yoshlar maysalar ustida o‘tirib darslarini qilishadi va kitob o‘qishadi.


Juma kuni bog‘da dam olayotganlar.

2019 yil oktyabrida Hyundai Auto Asia kompaniyasi ushbu hududda bepul stritbol va vorkauyet maydonchalarini ochdi, shuningdek, arg‘imchoqli bolalar zonasi ham foydalanishga topshirildi.

O‘tgan yilning mart oyida mamlakatda karantin choralari e’lon qilinganda, bog‘dan skameykalar va axlat savatlari olib tashlandi. Keyinchalik skameykalar qisman o‘z o‘rniga qaytdi (hozir ular velosiped qulflari bilan chiroqlarga biriktirilgan), lekin axlat qutilari yo‘q.


Ertalablari bog‘dagi skameykalar oldida ko‘plab axlatlarni, yerda va maysazorda sigaret qoldiqlarini va pista po‘choqlarini ko‘rish mumkin.


Yozda bog‘ning mehmonxonaga tutash hududida parkovkali yirik bar va restoran hamda yangi favvora ochildi.

2019 yilning fevral oyida poytaxt rasmiylari Mirzo Ulugbek Business City yirik loyihasining taqdimotini o‘tkazishdi. U Amir Temur xiyobonidan Do‘rmon yo‘li ko‘chasigacha cho‘zilgan 5,5 kmlik xiyobon bo‘lishi kerak edi. Bundan yarim yil oldin respublika hududida Business City zamonaviy biznes markazlarini qurish bo‘yicha prezident tomonidan imzolangan farmon bilan investorlar, bosh pudratchi tashkilotlar va ushbu loyihalarning boshqa ishtirokchilari uchun imtiyozlar berilgan edi.


Loyiha taqdimoti — bog‘ hududining bir qismida ikkita baland binolarni qurish rejalashtirilgan edi.


Loyiha maketi. Unda ham ushbu ikki binolar ko‘rinib turibdi.

Bog‘ hududida belgilangan oq chiziqning joylashuvi 2019 yilda qurilishi taklif qilingan ikkita baland binolar joylashuviga to‘g‘ri keladi (yuqoridagi suratni qarang). Ushbu taklif ma’qullanganmi va loyihaning holati qanday, ma’lum emas. Bog‘ o‘rnidagi ehtimoliy loyiha haqida ochiq ma’lumot va shahar aholasi bilan muloqotning yo‘qligi xavotirni oshirmoqda.

«Gazeta.uz» ushbu bog‘da nimadir qurish rejasi bormi yoki yo‘qligini aniqlashga harakat qildi. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ushbu holatga izoh bermadi. Qurilish vazirligi vaziyatni o‘rganayotganligini ma’lum qildi. Poytaxt bosh arxitektori bilan bog‘lanib bo‘lmadi. Shunga qaramasdan, ochiq ma’lumotlar va ishonchli manbalarga tayanib, ayrim faktlarni aniqlashga erishdik. Biz mahalla aholisi bilan ham suhbatlashdik.

Yer kimga ajratilgan?

Geoportal va Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri ma’lumotlaridan foydalanib, «Gazeta.uz» bog‘ning bir qismi Metropol Center qo‘shma korxonasiga ajratilganligini aniqladi.


Metropol Center (yuqorida 0,6 ga) va Metropol Park (pastda, 2 ga) kompaniyalariga ajratilgan yer uchastkalari. Skrinshot: Geoportal.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, yer Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2020 yil 16 martdagi qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan.


Skrinshot: Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri.

Hujjatga ko‘ra, ushbu ajratilgan yerda Mirzo Ulugbek Business City loyihasi doirasida biznes-markaz qurish rejalashtirilgan. Bu to‘g‘risidagi investitsion kelishuv Mirzo Ulugbek Business City qurilish va ekspluatatsiya qilish direksiyasi hamda Metropol Center kompaniyasi o‘rtasida 2019 yil 24 may kuni imzolangan.

Metropol Center kompaniyasi 2019 yil 26 aprel kuni Toshkentda ro‘yxatga olingan. Ularning asosiy faoliyat turi — boshqa toifalarga kiritilmagan boshqa ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari. Ustav jamg‘armasi 850 mln so‘m.


Ta’sischilar sifatida Qozog‘istonning Brand Hub Group kompaniyasi (33%) va Dilshod Abduvaxabovich Toshpo‘latov (67%) ko‘rsatilgan, kompaniya rahbari esa — Sevara Alimjanovna Azimova.

Dilshod Toshpo‘latov bundan tashqari Real Dozp, Eurasian Black Aurum, Mega Green Turizm, French Pastry va Castle Rock Trade kompaniyalarida ulushga ega.

kompra.kz ma’lumotlariga ko‘ra, Brand Hub Group kompaniyasi 2011 yil avgust oyida yirik korxona sifatida Olmaotada ro‘yxatga olingan (2017 yil sentyabrda qayta ro‘yxatdan o‘tgan). Kompaniya ta’sischilari VVS Retail Group kompaniyasi va Anna Leonidovna Sorokina hisoblanadi. O‘z navbatida, VVS Retail Group 2013 yilning iyulida Olmaotada xuddi shu yuridik manzil bo‘yicha ro‘yxatga olingan. Uning ta’sischilari Olga Garmashova va Vladimir Sirotinlar.

Dilshod Toshpo‘latov va Vladimir Sirotinlar French Pastry kompaniyasining ham-ta’sischisi hisoblanadi.

Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, bog‘ning quyi qismidagi 2 ga maydonli hudud o‘xshash nomdagi Metropol Park kompaniyasiga tegishli.


Skrinshot: Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri.

Uning ham rahbari sifatida Sevara Azimova ko‘rsatilgan. Kompaniya 2017 yilning yanvarida ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — ixtisoslashgan do‘konlarda mayda-chuyda metall buyumlar, lok-bo‘yoq materiallari va shishalar chakana savdosi.


Metropol Park ta’sischilari sifatida esa Orient Finans Bank Kuzatuv kengashi raisi Bobirjon Botirovich Parpiyev (66,7%) va Varvara Anatolevna Filippova (33,3%) ko‘rsatilgan.

«Gazeta.uz»ning bir-biridan mustaqil manbalarining ma’lum qilishicha, Metropol Center hozirga qadar Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasidan ruxsat olmagan.

Sevara Azimovaning izohi

«Gazeta.uz» telefon orqali Metropol Center kompaniyasi bilan bog‘landi. Uning rahbari Sevara Azimova bog‘ hududi ikkita tashkilot — Metropol Park va Metropol Center kompaniyalariga ajratilganligini tasdiqladi.

Uning ta’kidlashicha, yashil hududni tozalash va qo‘riqlash ishlari bilan Metropol Park kompaniyasi shug‘ullanadi va ushbu yerning Metropol Center kompaniyasiga ajratilishidan oldin ham kompaniya bepul u yerni tozalab turgan. «Shuncha vaqt mobaynida Mirzon Ulug‘bek tumani obodonlashtirish xizmati ushbu hududni tozalash bilan shug‘ullanmayapti», — dedi u.

«Biz har oyi ko‘kalamzorlashtirish va tozalash ishlariga xarajat qilamiz, bruschatka qildik. Yodingizda bo‘lsa, 2013 yilgacha bu hudud deyarli tashlandiq edi. Biz shu yili o‘z kuchimiz bilan favvora qurdik, o‘rindiqlarni tuzatdik. Hyundai kompaniyasi biz ajratgan hududda uchta bolalar maydonchasini qurib berdi», — deya ta’kidlaydi Sevara Azimova.

«Odamlar maysada dam olib yotganda, axlat tashlaganda, maysani bosganda, itlar hojatini chiqarganda g‘ashimiz keladi. Bolalalar maydonchalarini mixlari bilan buzib tashlashadi, yoshlar kechasi 12 da kelib, pivo ichib o‘tirishadi, taksistlar bog‘ hududida shashlik qilishadi», — shikoyat qiladi u.

Bog‘ hududi nega o‘rab qo‘yilganligi haqidagi savolga Sevara Azimova quyidagicha javob berdi: «Bizda hozir qayta tashkillashtirish ishlari bormoqda — Metropol Park va Metropol Center bu ikkita har xil kompaniya. Nega biz bunday qildik: obodonlashtiruvchilarda „qancha yerni va qaysi yerlarni biz tozalaymiz“ degan savol tug‘ildi. Biz faqat yerni ajratib, uning qanday joylashganini ko‘rsatdik, xolos. Bu yerda boshqa narsa qilmoqchi emasmiz».

«Boshida yer biznes-markaz qurish uchun ajratilgan edi. Bugungi kunda daraxtlarni kesishga moratoriy joriy qilingan, biz hech narsa qila olmaymiz, hozircha bu aholi uchun madaniy dam olish bog‘i», — dedi u.

Moratoriy bekor qilingach, nima bo‘ladi? «Men hozircha bu haqida hech narsa deyolmayman, bu hali tasdiqlanmagan ma’lumot… Hozircha hech qanday ishlar olib borilmayapti», — deya javob berdi kompaniya rahbari.

Sevara Azimovaning qo‘shimcha qilishicha: «Yerni bizga ancha oldin ajratishgan, lekin hozircha hech qanday qurilish bo‘lmadi, ta’sischi ham hozircha jim va hech qanday qurilishlarni boshlashni rejalashtirgani yo‘q. Agar xohlasak, allaqachon qurilishni boshlashimiz mumkin edi. Hech bir daraxt ko‘chirilmagan. Va bularning barchasi davlat hisobiga emas».

Aholining fikri

Juma kuni oldinroq belgilangan joyga Davlat ekologiya qo‘mitasi inspektorlari kelib ayrim daraxtlarni belgilab chiqishdi (1 dan 21 gacha raqamlar bilan). Qo‘mitadagi manbalarning ta’kidlashicha, ularga daraxtlarni kesish yoki ko‘chirish bo‘yicha rasmiy murojaatlar kelib tushmagan. Daraxtlarga ziyon yetishining oldini olish uchun ular ro‘yxtaga olingan.


Daraxtlardagi raqamlar.

«Gazeta.uz» «Shahrisabz» mahallasi aholisining fikri bilan qiziqdi. Ularning aksariyati bog‘ hududida qurilish bo‘lishiga qarshi ekanligini bildirdi.

Qahramon Yo‘ldoshev: «Men bu bog‘da har qanday qurilish bo‘lishigi mutlaq qarshiman! Shaharda o‘zi shundoq ham nafas olishga joy yo‘q, o‘simliklar va daraxtlar kamayib boryapti. Bu bog‘ni o‘zi yaqinla rekonstruksiya qilishgandi. Bu yerga har kuni bolalar, qariyalar va odamlar o‘z oilalari bilan kelishadi. Ular toza havoda nafas olish va sayr qilish uchun kelishadi».

«Bu yer biz uchun kichkina o‘rmondek, betonlashtirilgan va asfalt qilingan shahar ichidagi tabiatning bir qismi. Bunday qilish kerak emas. Bunday jamoat joylari qurilish qilmoqchi bo‘lgan xususiy mulkdorlarga berilmasligi kerak. Afsus. O‘ylashimcha, prezidentimiz „Uchinchi Renessans“ deganda buni nazarda tutmagandi».

Z. Sherboyeva, domkom: «Biz, 34-uyda istiqomat qiluvchilar bog‘da bino qurilishiga qarshimiz. Bu obyektlarni qurayotganlar ushbu mavze aholisi haqila umuman o‘ylamayapti. Bolalarga sayr qilish uchun joy yo‘q! Yaqinda nafas olish qiyin bo‘lib qoladi!»

Nilufar Maklakova: «Bu bog‘ bolalar, qariyalar va poytaxtning barcha mehmonlariga toza havodan bahramand bo‘lishga imkoniyat beradi, chunki uning atrofida mehmonxonalar ko‘p. Bu bog‘da daraxtlar ko‘p. Keling, shundoq ham odamlarning faoliyatidan aziyat chekayotgan (daraxtlar kesilishi, chang, qurilish) tabiatimizni asraylik. Bizda qolgan narsalarni asraylik. Aholining murojaatiga quloq solishlarini so‘raymiz».

A. Ko‘chqorov: «Shaharlardagi yashil bog‘lar ifloslanish oqibatlarini yumshatadi va qurilishlar hududida saqlanib qoladigan issiqlikka taalluqli bo‘lgan „shahar issiqlik oroli“ effektini kamaytirishi mumkin. Bunday effekt shaharlarda inson faoliyati natijasida kelib chiqadi. Bu hududda ko‘p qavatli binoa qurilishi, uning faoliyat turidan qat’iy nazar (turar-joy bo‘ladimi yoki tijorat binosi), bu joyni bog‘ sifatida yo‘qotilishiga olib keladi, chunki yo‘l olib kelish ham kerak bo‘ladi. Ya’ni, bog‘ning bir qismiga asfalt yotqiziladi, avtomobillar uchun to‘xtash joyini ham bog‘ hududi hisobiga qurishga to‘g‘ri keladi. Buning oqibatida kelib chiqadigan harakatlar bu hududning dam olish uchun xavfsiz bo‘lishiga halaqit beradi va turar-joy aholisi hamda poytaxt mehmonlarining hayoti sifatining yomonlashuviga olib keladi».

Iyul oyining boshida prezident topshirig‘i bilan 2021−2022 yillarda Toshkentda 130 kmdan ortiq piyodalar va 117 km velosiped yo‘laklari, 12 ta bog‘, 25 ta yashil hudud va xiyobonlar qurilishi rejalashtirilganligi ma’lum bo‘ldi.

140 ga maydonda attraksionsiz jamoat bog‘larini ochish va har bir tumanda yashil mini-bog‘lar qurilishi rejalashtirilmoqda.