Avvalroq, O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti avgust oyining boshida bo‘lib o‘tishi va shu sabab takliflar 31 iyulgacha qabul qilinishi xabar qilingan edi.

Davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov dushanba kuni o‘tkazilgan brifingda Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti nima sababdan keyinroqqa qoldirilganiga izoh berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvni tashkil etish doirasida tuzilgan Tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha shtabga 10 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan.

«Ularning 85−86 foizi individual, ya’ni shaxsiy murojaatlardan iborat. Ko‘proq kredit berish, loyihalarni moliyalashtirish yoki subsidiyalar olish, bir qismi yer ajratish bilan bog‘liq. 10 minga yaqin murojaatlarning 14−15 foizi yangi g‘oyalar, yangi tashabbuslar va tadbirkorlarimiz tomonidan muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi takliflar», — dedi Asadov.

Sherzod Asadov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Ta’kidlanishicha, shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgach murojaatlar kategoriyalarga bo‘linib, chuqur o‘rganilmoqda.

«Agar tadbirkordan kelib tushgan murojaatni, deylik, viloyat, shahar, tuman darajasida hal qilib bo‘lsa, shtab tomonidan bu murojaat tegishli hududga jo‘natilyapti. Oxirgi bir hafta ichida shaxsiy murojaatlardan 40 foizi joylarda hal qilindi. Qolgani tadbir kunigacha hal qilinadi yoki tadbir o‘tib bo‘lganidan keyin», — dedi prezident matbuot kotibi.

U, shuningdek, tadbir kuni murojaatlar dinamikasi sabab qoldirilganiga urg‘u berdi.

«Murojaatlarning dinamikasidan kelib chiqqan holda shtab murojaatlarni qabul qilish muddatini yana bir necha kunga uzaytirmoqda. Kecha olgan ma’lumotlarimizga ko‘ra, bu muddat 5 avgustgacha cho‘zilayapti. Demak, ishbilarmonlarimizda o‘zlarining yaxshi takliflarini jo‘natishga yana 3−4 kun vaqt bor», — dedi Asadov.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatining маълuмотига ko‘ra, 1 avgust holatiga shtabga 9 651 ta taklif kelib tushgan. Shundan 3 477 tasi (42,1%) hal etilgan.

Eng ko‘p taklif Toshkent shahri (993 ta) hamda Toshkent (886 ta), Qashqadaryo (847 ta), Surxondaryo (860 ta), Samarqand (832 ta), Andijon (824 ta) viloyatlaridan jo‘natilgan. Eng kam taklif esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (370) va Navoiy viloyatiga (321 ta) to‘g‘ri kelmoqda.

Daryo`ning yozishicha, 30 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov davlat rahbari bilan bo‘lajak uchrashuvda tadbirkorlarning qaysi qatlami ishtirok etishi hamda ular ro‘yxatini tuzishda hokimlar ishtiroki masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.


«Bu borada hokimlarning hech qanday roli bo‘lmaydi. Biz hozir murojaatlarni yig‘yapmiz va parallel ravishda murojaat qilgan tadbirkorlarga aloqaga chiqyapmiz. Shtab nima uchun kerak? Bu filtr emas, faqat chiroyli gaplarni aytadigan. Bu tahliliy bir mexanizm, bu bizga sotsiologiyani ham ko‘rsatib beradi: tadbirkorlarni nima tashvishga solyapti, qanday masalani yechishimiz kerak, statistika nuqtai nazaridan murojaatlarning ko‘prog‘i nima masalada va hokazo. Biz butun vaziyatni o‘rganib olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz va hozir bu bo‘yicha ishlayapmiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari eng og‘ir to‘siqlarga duch kelgan tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazish vazifasini qo‘ygan.

«Birinchi navbatda eng og‘ir masala va muammolar, qiyin to‘siqlarga duch kelgan tadbirkorlarni jalb qilmoqchimiz. Davlatimiz rahbarining oldimizga qo‘ygan vazifalari ham mana shu. Bundan tashqari, iqtisodiyotga ko‘proq o‘z salmog‘ini qo‘shadigan hududlar va tarmoqlardagi tadbirkorlarimizni ham qo‘shamiz. Shu bilan birga, tadbirkorlarning har xil qatlamidan ham, albatta, vakillar bo‘lishi kerak. Yirik, o‘rta, kichik, oilaviy tadbirkorlar, ishbilarmon ayollar, yoshlar va boshqalar. Mana shu mezon bo‘yicha shtab to‘laqonli ishlayapti», — dedi vazir.

Sardor Umurzoqovning qo‘shimcha qilishicha, shtab faoliyatini shaffof qilish uchun u yerning o‘zida ham matbuot bilan doimiy muloqot qiladigan, 24 soatlik ochiq maydon tashkil etiladi. «Jurnalistlar xohlagan paytida kirib, shtabda qanday ish ketayotganini ko‘rishi va o‘zini qiziqtirgan savollariga javob olishi mumkin», — degan u.