DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Farg‘ona, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida noqonuniy yer oldi-cotdisi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Birinchi holatda, Farg‘onaning Beshariq tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birining rahbari qo‘lga tushdi. U Beshariq tuman hokimining qarori bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun turmush o‘rtog‘i rahbarligidagi dehqon xo‘jaligiga ajratilgan va tumandagi Toshariq mahallasida joylashgan 35 sotix yer maydonini 29 ming AQSh dollarиga sotishga kelishib, oldindan 20 ming dollarni olgan vaqtda ushlandi.

Keyingi tezkor tadbir Oltiariq tumanida o‘tkazildi. Mansabdor shaxs Qapchug‘ay qishlog‘ida joylashgan 20 sotix bo‘sh yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan 30 ming dollarga sotishga urinadi. U hujjatlarni fuqaroning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, kelishilgan mablag‘dan 15 ming dollarini olganida qo‘lga tushdi.

Boshqa bir holatda esa Bog‘dod tumanida yashovchi fuqaro boshqa bir shaxs rahbarligidagi dehqon xo‘jaligiga qarashli 4,75 gektar yer maydonini mijozga 11 ming dollarga sotishga kelishib, hujjatlarni uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qiladi. DXX hamda Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu fuqaro 11 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Shu kabi holat Namangan viloyatida ham aniqlandi. Tezkor tadbirda fuqaro Chortoq tumanidagi MCHJdan biriga qarashli 8 gektar yer maydonini bog‘dorchilik uchun ajratib, tuman hokimi qarorini tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qiladi. Buning evaziga esa 7 ming dollar va 31,5 mln so‘m olganida ushlandi.

Surxondaryo viloyatida qayd etilgan vaziyatda fuqaro 2 gektar yerни 100 mln so‘mga sotishga urinadi.

U o‘zini Bandixon tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari deb tanishtirib, Davlat zahirasida bo‘lgan yer maydonidan 2 gektarini 50 mln so‘mga sotishini va ushbu yer hujjatlarini tuman xokimiyatida ishlovchi tanishi orqali 50 mln so‘m evaziga rasmiylashtirishga ishontiradi. Ushbu pullarni olgan vaqtida esa tezkor tadbir xodimlari tomonidan ushlanadi.

Yuqoridagi shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.