Mudofaa vazirligi Jizzax viloyati Zomin tumanida o‘rmon yong‘inini o‘chirishga oid videoreportajni e’lon qildi. Yong‘in yakshanba kuni ertalab sodir bo‘lgan. Yong‘inni o‘chirish ishlari kechgacha davom etdi.

“400 nafar harbiy xizmatchidan iborat batalon favqulodda holat xabarini olgandan so‘ng, tezkorlik bilan yong‘in sodir bo‘lgan hududga yetib kelib, vazifani bajarishga kirishdi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Mudofaa vazirligi Harbiy-havo kuchlari vertolyot aviatsiyasi zvenosi tomonidan Zomin suv omboridan yigirma marotabadan ortiq maxsus vosita yordamida suv olinib, havodan olovga 30 tonnadan ziyod suv tashlandi.

“Hozirgi vaqtda Mudofaa vazirligi bo‘linmalari va vertolyot aviatsiyasi mazkur hududda tozalash ishlarini amalga oshirmoqda”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Avvalroq, yong‘inni o‘chirish uchun FVVdan yana qo‘shimcha 350 dan ortiq shaxsiy tarkibi, Mudofaa vazirligidan 4 ta vertolyot shuningdek, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Davlat ekologiya qo‘mitasi va boshqa tashkilotlarning kuch va vositalari jalb etilgani haqida xabar berilgan edi.