Ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda English Speaking Nation dasturini amalga oshirmoqda. Dastur doirasida hozirga qadar 30 dan ortiq xorijiy mutaxassislar xorijiy til o‘qituvchilarining malakasini oshirish treninglarida qatnashib kelishmoqda.

31 iyul kuni mazkur dastur doirasida tashkil etilgan English Summer Excellence Training (ESN:ESET) yozgi malaka oshirish treninglari loyihasini boshlab berish va loyiha doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan 25 nafar xalqaro mutaxassislarni qutlash uchun Xalq ta’limi vaziri maslahatchisi Ulugbek Kasimxodjayev AQSh elchixonasi vakillari, Amerika kengashlari va xalqaro mutaxassislar bilan uchrashdi.

English Speaking Nation yozgi treninglar dasturi doirasida Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Termiz, Qarshi va Urganch shaharlarida 420 dan ortiq ingliz tili o‘qituvchilari uchun 108 soatlik intensiv mashg‘ulotlar olib boriladi. 18 kunlik treninglardan ko‘zlangan maqsad o‘qituvchilarning ingliz tili ko‘nikmalari hamda ularning pedagogik va psixologik bilimlarini takomillashtirishda yordam berishdan iborat.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi.

Umumiy ingliz tili va sinfdagi amaliyotdan tashqari, ESN:ESET dasturi ishtirokchilarga aynan ingliz tilida darslar o‘tish va murakkablashtirilgan intensiv o‘quv sessiyalarida faqat ingliz tilida taqdimotlar o‘tkazishga yordam beradi.

English Speaking Nation dasturini amalga oshirishda Xalq ta’limi vazirligi Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlari tashkiloti bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Amerika kengashlari xalqaro ta’lim, akademik almashinuvlar va chet elda til o‘rganish sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanadi va ilmiy, professional va madaniy almashinuvlar, til o‘rganishlar, ta’limni rivojlantirish va tadqiqotlar orqali xalqaro aloqalar va o‘zaro hamfikrlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.