Qidiruvda bo‘lgan Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Askar Akayev Bishkekka yetkazildi, deya xabar qildi Kaktus Media nashri Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasiga tayanib.

Askar Akayev «Kumtor» oltin konini ishga tushirish loyihasini amalga oshirishdagi korrupsiya omillari bo‘yicha jinoyat ishini tergov qilish doirasida qidiruvga berilgan edi.

Boshqa yuqori darajali amaldorlar bilan bir qatorda Qirg‘izistonning birinchi prezidenti 1992 yilda «Kumtor» loyihasi bo‘yicha bosh bitimni imzolash, 1994 yilda unga o‘zgartish kiritish hamda 2003 yilda «Kameko» kompaniyasi bilan bosh kelishuvni restrukturizatsiya qilishdagi korrupsiya fakti bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan edi. Shunday qilib, tergov Askar Akayev prezidentligi davrida «Kumtor» loyihasini amalga oshirishdagi korrupsiyaga aloqador bo‘lgan barcha aybdor shaxslarga nisbatan yuridik baho bergan.

«Shu bilan bir vaqtda DMXQ tergov jarayonida Askar Akayevni respublika hududiga yetkazib kelish yo‘li bilan uni jinoiy javobgarlikka tortish qismida tarixiy adolatni tiklashga qaratilgan faol ishlarni olib bordi», — deyiladi xabarda.

Shunday qilib, «DMXQ amalga oshirgan choralar natijasida» 2 avgust kuni Askar Akayev Bishkekka yetkazilgan hamda zudlik bilan idoralararo tergov guruhiga topshirilgan.

Ayni vaqtda Askar Akayev DMXQ binosida saqlanmoqda, uning ishtirokida Kumtor koni bo‘yicha jinoiy ish doirasida zarur tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi MXDQ xabarida.

Nashrning qayd etishicha, Askar Akayev 2005 yilda mamlakatdan qochib ketganidan buyon Qirg‘izistonda bo‘lmagan edi. 2021 yil iyulida DMXQ raisi Kamchibek Tashiyev Askar Akayevga nisbatan «Kumtor» ishi bo‘yicha qidiruv e’lon qilgan edi.

Sobiq siyosatchi Rossiyada emigratsiyada yashadi va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullandi, 2006 yildan buyon Rossiya Fanlar Akademiyasining chet ellik a’zosi hisoblanadi.