O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining 30 iyuldagi farmoni bilan sentyardan savdoga chiqariladigan davlat aktivlari ro‘yxatini tasdiqladi.

Ro‘yxatdan 12 ta obyekt o‘rin olgan:

  • «Toshkent» mehmonxonasi (Lotte City Hotel Tashkent Palace);
  • Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi;
  • Premier Hall kinozali;
  • Matbuot uyi ma’muriy bino («Gazeta korpusi»);
  • «Chotqol» dam olish zonasi bino va inshootlari;
  • «Algoritm» sobiq zavodining ishlab chiqarish binolari;
  • Sobiq «Markaz ulgurji savdo invest» bino va inshootlari;
  • «Sergeli» kichik sanoat zonasi bino va inshootlari;
  • «Bektemir» kichik sanoat zonasi bino va inshootlari;
  • «O‘zmetkombinat» temir saqlash va yuklash ombori;
  • Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi parranda fabrikasi;
  • Toshkent IIBB sobiq kinologiya markazining bo‘sh binosi.

Ko‘rsatib o‘tilgan obyektlar Toshkent va Toshkent viloyatida joylashgan bo‘lib, banklar, hokimliklar, davlat organlari va kompaniyalari balansida turadi.

Ro‘yxatdagi birinchi 11 obyekt yil boshida xususiylashtirishga taqdim etilgan edi. O‘shanda obyektlar aprelda sotuvga qo‘yilgan, biroq ulardan faqat ikkitasi — sobiq gazeta ishlab chiqarish binosi va «Ichan Qal’a» mehmonxonasini sotishga muvaffaq bo‘lindi.

«Gazeta.uz» ularning ayrimlari haqida xabar bergan edi. Xususan, Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasini The Abu Dhabi Uzbek Fund investitsiya jamg‘armasining 110 mln dollarlik mablag‘lari hisobidan xususiylashtirish rejalashtirilgan edi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari Akmalxon Ortiqovning ma’lum qilishicha, 2021 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston davlat aktivlarini xususiylashtirishdan 105 mln dollar daromad ko‘rdi. Uning qayd etishicha, joriy yilda 900 ta obyekt sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, yil oxiriga qadar 600 mln dollar daromad ko‘rish kutilmoqda.