Oliy Majlis Senati shanba kuni bo‘lib o‘tgan 17-yalpi majlisda qonunchilikka aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritishni ma’qulladi. Hujjat prezident tomonidan imzolanganidan so‘ng qonuniy kuchga kiradi.

«Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida"gi Qonunda O‘zbekiston bosh davlat sanitariya vrachi sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar doirasida profilaktik emlashlar o‘tkazishni joriy etishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida"gi Qonunda fuqaro yoki uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to‘xtatilishini talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan (atrofdagilar uchun xavfli kasallikka chalingan shaxslarga mazkur roziliksiz tibbiy yordam ko‘rsatilishi bundan mustasno).

Biroq ushbu Qonunda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi yuzasidan norma mavjud emas.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlashdan bosh tortgan shaxslarga nisbatan cheklov choralari nazarda

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi zarur o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritishni ko‘zda tutgan qonun loyihasini ishlab chiqib, qabul qildi.

Senatorlar ham «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida"gi Qonun va Mehnat kodeksiga o‘zgartishlar kiritishni ma’qulladilar.

«Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida«gi Qonunning 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq norma kiritilmoqda.

Mehnat кодексининг 113-moddasida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligi nazarda tutilmoqda.

«Qonunning qabul qilinishi natijasida koronavirus infeksiyasining yangi to‘lqinlarining oldini olish uchun aholi o‘rtasida ommaviy vaksinatsiyani tashkil etishning qonuniy asoslari yanada mustahkamlanadi hamda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlash o‘tkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlar bartaraf etiladi», — deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati 1 noyabrga qadar aholining 70 foizini koronavirusga qarshi emlashni rejalashtirmoqda.