Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitova vafot etdi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Uning o‘limiga 12 barmoqli ichak kasalligining asoratlari sabab bo‘lganligi aytildi.

Sadbarxon Mamitova 1966 yilda Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida tug‘ilgan. U Namangan qishloq xo‘jaligi texnikumi (1982−1986 yillar) hamda Toshkent davlat agrar universiteti (1993 yil) bitiruvchisi sanaladi.

Sadbarxon Mamitova 2007−2008 yillarda Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari — tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 2011−2017 yillarda Jalaquduq tumani Bandlikka ko‘maklashish markazi direktori, 2019 yildan “Yuksalish” umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Marhuma 2020 yil 4 mart kuni Bo‘ston tumani xokimi etib tayinlanib, shu vaqtga qadar hokim bo‘lib ishlab kelayotgan edi.