Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Markaziy harbiy okrugi harbiy xizmatchilari O‘zbekistonga yetib keldi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Ular Surxondaryo viloyati hududidagi Afg‘oniston bilan chegaradosh «Termiz» poligonida O‘zbekiston — Rossiya Qurolli Kuchlari hamkorligida o‘tkaziladigan qo‘shma o‘quvlarda ishtirok etadi.

Mashg‘ulotlar davomida ikki davlat harbiylari shartli dushmanning yashirin bazalarini qidirib topish va yo‘q qilish, ular tomonidan ehtimoliy hujumlar amalga oshirilganda, uni bartaraf etish kabi vazifalarni bajarishadi.

«Sputnik» ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quvlar 10 avgustga qadar davom etadi. Ularga 200 ga yaqin harbiy texnikalar, jumladan aviatsiya hamda 1500 dan ziyod harbiy xizmatchilar jalb qilingan.

Qayd etish joizki, Tojikiston ham Rossiya bilan qo‘shma o‘quvlarni o‘tkazmoqda. Yaqin kunlarda Su-25 samolyotlari Qirg‘izistondagi Rossiya harbiy bazasi aerodromidan Tojikistondagi «Gissar» aerodromiga ko‘chirildi. Ekipajlar shartli dushmanning niqoblangan bazalarini qidirib topib, nishonlar bo‘ylab raketa-bomba zarbalarini bermoqda.