Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva 30 iyul kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida respublikada o‘tkazilayotgan tibbiy xatlov bo‘yicha fikr bildirdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

«Sog‘liqni saqlash xodimlari joylarda uyma-uy yurib, aholining ko‘proq kaysi kasalliklar bilan og‘riyotganini aniqlanishi kerak, — dedi Senat raisi. — Tibbiyot xizmat sohasidagi ko‘plab muammolar aslida joylardagi o‘rganishlarni vaqtida olib borilmagani tufayli kelib chiqmoqda. Shu orqali hududlarda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning sifatini oshirish zarur. Buning uning jalb etilgan mutaxassislarning malakasini oshirish lozim».

Senat raisi aholining salomatligini ta’minlashda mahalliy kengashlarning o‘rni haqida ham alohida to‘xtaldi.

«Joylardagi mahalliy kengashlar ham faol bo‘lishi kerak. Aholiga bir martalik tibbiy yordam, yoki davolash bilan cheklanmasligimiz kerak. Hozirgi pandimiya davrida bu masalalarga alohida e’tibor berib ishlash orqali aholining salomatligi saqlash kerak. Bu sa’y-harakatlarimiz aholining salomatligini saqlash, millat genofondini yaxshilashga xizmat qiladi».

Tanzila Narbayev o‘tkazilayotgan tibbiy xatlov natijalariga «yuzaki qaramasdan samarali tashkil qilish kerak"ligini ham ta’kidladi. «Shuni hisobga olgan holda, Sog‘liqni saqlash tizimi ustuvor chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak», — dedi u.