Juma kuni ertalab AQShdan O‘zbekistonga Amerikada ishlab chiqarilgan 3 million 60 doza Moderna vaksinasi partiyasi olib kelindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri. U vaksinalarni taqsimlash bo‘yicha COVAX global mexanizmi doirasida Qo‘shma Shtatlar hukumati tomonidan beg‘araz asosda taqdim etildi.

30 tonnaga yaqin miqdordagi yukni qabul qilib olish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev, sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i, bosh davlat sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyev, AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum, USAID ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Kristofer Fitspatrik va boshqalar ishtirok etishdi.

«Bu o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam bo‘ldi», — dedi vazir Abduhakim Xadjibayev. U Moderna vaksinasini koronavirusga qarshi eng samarali vaksinalardan dedi va AQSh hukumati, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEFga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Aholining vaksinalarga ishonchi asta-sekin ortmoqda, uning ortidan vaksinatsiya sur’atlari ham — hozirda har kuni 200 ming nafardan ortiq kishi emlanmoqda», — deya qayd etdi sog‘liqni saqlash vaziri.

Moderna preparati AQShda qo‘llanilayotgan 3 ta koronavirusga qarshi vaksinadan, JSST favqulodda qo‘llashga ruxsat bergan oltita vaksinadan biri hisoblanadi. Vaksinatsiya kursi ikki dozadan tarkib topgan bo‘lib, 28 kun oralig‘ida qo‘llaniladi.

Vaksina -25 — -15 daraja Selsiya haroratda saqlanishi lozim. Shu bilan birga, +2…+8 daraja, ya’ni oddiy muzlatkichda uni 30 kungacha saqlash imkoniyati mavjud.

«Bizda vaksinalarni aholiga xavfsiz yetkazib berish uchun barcha sharoitlar mavjud. U maxsus refrijeratorlarda mamlakat hududlariga, viloyatlar markazlaridan tumanlarga, har bir vaksinatsiya markaziga sovuq zanjir orqali yetkazib beriladi. Ishonamanki, birorta ham doza vaksina yo‘qotilmaydi», — deya ta’kidladi vazir.

Elchi Deniyel Rozenblyum vaksinalarning yetkazib berilishini AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning ajoyib misoli ekanini ta’kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev (o‘ngda) va AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum.

«Bilamizki, pandemiya hali ham biz bilan, u, shu jumladan O‘zbekistonda hamon hayotlarni olib qo‘ymoqda. Va unga qarshi kurashning yagona yo‘li — imkon qadar ko‘proq odamlarni emlashdir. Hozircha virus biz bilan, u odamlarga yuqishning yangidan-yangi usullarini o‘ylab topmoqda. Emlanmas ekanmiz, hech birimiz xavfsizlikda bo‘la olmaymiz», — deya ta’kidladi diplomat.

U AQSh virus ustidan to‘liq g‘alaba qozonish va imkon qadar ko‘proq odamning hayotini saqlab qolish uchun O‘zbekiston bilan ushbu yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirishini ta’kidladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov Moderna vaksinasi 18 yoshdan oshgan fuqarolarning barcha toifalarini emlash uchun qo‘llanilishini ma’lum qildi.

«Ushbu vaksina qo‘llanilishi sharofati bilan qisqa muddatda ko‘proq odam qamrab olinadi va koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqarorlashtiriladi», — dedi u.

«Gazeta.uz»ning O‘zbekistonda qachon 18 yoshdan kichik bolalarni emlash boshlanishi haqidagi savoliga javob berar ekan, u hozircha vaqt borligini ma’lum qildi.

Botir Qurbanov O‘zbekistonga bunga qadar 9,58 million doza vaksina olib kelingani, ularning asosiy qismi yoki 8,5 millioni, bu — ZF-UZ-VAC2001 o‘zbek-xitoy vaksinasi ekanini ma’lum qildi. 29 iyul yakunlariga ko‘ra, 6,98 million doza emlandi. Uning 85 foizi ZF-UZ-VAC2001, 10 foizi — AstraZeneca va 5 foizi — Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasidir. Qariyb 1,15 million kishi to‘liq vaksinatsiya kursidan o‘tdi.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade COVAX mexanizmi doirasida mart oyida O‘zbekiston 660 ming doza AstraZeneca vaksinasini olganini eslatib o‘tdi. Iyulda YUNISEF chaqirig‘i asosida Ozarbayjon 50 ming doza vaksina taqdim etdi.

«Sentyabrda biz yana 660 ming doza AstraZeneca va qo‘shimcha 276 ming doza, sentabr-oktyabrda — 1,214 million doza Pfizer taqdim etilishini kutmoqdamiz», — deya ma’lum qildi YUNISEF vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yil oxiriga qadar COVAX doirasida yetkazib berilgan vaksinalardan O‘zbekiston aholisining eng kamida 20 foizini emlash vazifasi qo‘yilgan. Avvalroq hukumatning 1 noyabrga qadar aholining 70 foizini emlash rejasi haqida ma’lum bo‘lgan edi.