Prezident 28 iyul kuni yangi tahrirdagi «Sudlar to‘g‘risida» gi qonunni imzoladi. Hujjat «Xalq so‘zi»da e’lon qilindi va u allaqachon kuchga kirdi.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 15 iyunda, Senat tomonidan esa 28 iyunda ma’qullangan.

Yangi qonunda sudyalar maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlari va sudya lavozimiga nomzodlar va saylangan shaxslarga qo‘yilgan talablar xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan. Hujjatda sudyalarning intizomiy javobgarligi qayta ko‘rib chiqilgan, sudyalarning vakolatlarini bekor qilish asoslari va tartibi aniqlashtirilib, ularning sudyalarning ijtimoiy himoyasi ta’minlanmoqda.

Tuman yoki shahar sudining sudyasi yetib tayinlash yoki saylash uchun yuridik kasb bo‘yicha eng kam ish staji 5 yil o‘rniga 7 yil, viloyat sudyaligiga — 7 yil o‘rniga 10 yil, Oliy sud sudyaligiga — 10 yil o‘rniga 15 yil etib belgilanmoqda.

Sudyalarning intizomiy javobgarligi ilgari qonunning 73 moddasi bilan tartibga solingan bo‘lsa, endi ushbu normaga 4 ta moddadan iborat 11-bob bag‘ishlangan.

Unga ko‘ra, sudya intizomiy javobgarlikka quyidagi holatlarda tortilishi mumkin:

  • odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni buzganlik uchun;
  • sud ishini tashkil etishda beparvoligi yoki intizomsizligi oqibatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun;
  • sudyalik sha’ni va qadr-qimmatiga bog‘ tushiradigan hamda sudning obro‘sini tushiradigan nojo‘ya xatti-harakat sodir etganligi uchun;
  • Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzganlik uchun.

Sudyalarning malaka hay’ati sudyaga quyidagi intizomiy jazolardan birini qo‘llashi mumkin:

  • ogohlantirish;
  • hayfsan;
  • o‘racha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima;
  • malaka darajasini bir pog‘onaga pasaytirish;
  • vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish.

Yangi qonun bilan kiritilgan 12-bob sudyaning vakolatlarini to‘xtatib turish va tugatish holatlari va tartibini nazarda tutadi.

Sudyalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga keladigan bo‘lsak, yangi qonun ularga uy-joy olish va ijaraga olingan turar-joy binolari uchun kompensatsiya olish imkoniyatini beradi.

Vakolatlari muddati tugagan sudyalarning o‘rtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash to‘g‘risidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin ko‘pi bilan uch oygacha saqlab qolinadi.

Sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.

Sud majlisida hozir bo‘lgan shaxslar va OAV vakillari qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin. Biroq, tartibning o‘zi ushbu qonunda bayon qilinmagan.