Senatning 17 yalpi majlisida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2021 yilning birinchi yarmida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axborot berdi.

U respublikaning har bir hududida o‘tkazilgan kompleks tezkor-profilaktik tadbirlar kriminogen vaziyatning barqarorligini ta’minlash uchun zamin yaratganini aytdi.

«Xususan, joriy yilning 6 oyi yakuniga ko‘ra respublikaning 9 251 ta mahallasidan 4 559 tasida (49,3%) bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi», — dedi vazir. 2017 yilning mos davrida jinoyatlar qayd etilmagan mahalla soni 3 855 ta (o‘shanda 9015 ta mahalla) bo‘lgan.

O‘zbekiston bo‘yicha jami 45 630 ta jinoyat qayd etilgan va bu o‘tgan yilga nisbatan 111,9 foizga (21 535) ortgan.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 548 ta korrupsiyaviy, 99 ta odam savdosi va 322 ta киберjinoyatлар fosh etilgani aytildi.

Yuqori palata raisi avvallari jinoyat ko‘p bo‘lsa, tizim tashkilotlari yaxshi ishlamayotgani tanqid qilinganini, hozir esa aybdorlar qonun oldida javob berayotganini qayd etdi.

U shuningdek, axborotda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar borligi haqida gapirdi.

«Qariyb 3 mingta mahallada kriminogen vaziyat og‘ir, ya’ni „qizil“ toifada ekani hammamizni o‘ylantirishi kerak. Yoki odam savdosi bilan bog‘liq aniqlangan jinoyatlar oldingi yilga nisbatan ikki baravardan ziyodga oshgan. Xususan, 34 ta holatda chaqaloqlar savdosi jinoyati aniqlangani o‘ta tashvishlidir. Bu muammolarga faqat Ichki ishlar emas, balki Sog‘likni saqlash, mahalla vazirliklari, mas’ul ko‘plab tashkilotlar jonbozlik ko‘rsatsin», — dedi Tanzila Narbayeva.