2021 yilning 6 oyida O‘zbekistonda oldi olinishi mumkin bo‘lgan 45 630 ta jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 111,9 foizga (21 535) ortgan, deya xabar bermoqda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxanov yuqori palata yalpi majlisida.

Ushbu jinoyatlarning 217 tasini qotillik va 489 tasini og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlari tashkil etadi. Qayd etilishicha, jinoyatlar har 100 ming aholiga nisbatan mamlakatda o‘rtacha 132 tani tashkil etgan bir vaqtda, bu ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida 151 tani, Toshkent viloyatida 168, Farg‘ona viloyatida 223, Toshkent shahrida 383 tani tashkil etgan.

«O‘ta og‘ir jinoyatlardan — qotillik Toshkent shahrida, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, og‘ir shikast yetkazish Toshkent viloyatida, nomusga tegish Toshkent, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida, bosqinchilik Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida sezilarli oshgan», — deya ta’kidladi Qutbiddin Burxanov.

Shuningdek, qo‘mita raisining ma’lum qilishicha, birinchi yarim yillikda 4 137 ta tan jarohati yetkazish, 135 ta bosqinchilik, 1 100 ta bezorilik, 7 618 ta o‘g‘rilik, 9 439 ta firibgarlik jinoyati sodir etilgan.

Bundan tashqari, 6 mingga yaqin (5 837 nafar) jinoyatlar ishsiz fuqarolar tomonidan sodir etilganligi aytildi. Ulardan, 1130 tasi Andijon, 709 tasi Toshkent, 602 tasi Farg‘ona viloyatlarida va 595 tasi Toshkent shahrida sodir bo‘lgan. O‘g‘rilikka qo‘l urgan 3 710 nafar jinoyatchilarning har beshinchisi (852) doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan.

Ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilning 6 oyida sodir etilgan qotillikning har uchinchisi (77 ta) qarindoshlar yoki qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi nizolar oqibatida kelib chiqqan va bu jinoyatlarning 42 tasi yoki 55 foizi er-xotin, aka-uka, ota-o‘g‘il o‘rtasida yuz bergan.

Oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 9 575 ta huquqbuzarlik sodir etilgan. Ularning 70 foizi Toshkent shahar (3861), Toshkent (1381), Farg‘ona (563), Qashqadaryo (448), Andijon (424) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bundan tashqari, «og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasligi» oqibatida 2021 yilning 6 oyida 3 236 nafar xotin-qiz tomonidan 24 ta qotillik, 21 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 413 ta o‘g‘rilik, 692 ta firibgarlik, 13 ta talonchilik jinoyati sodir etilganligi ma’lum qilindi.

«Yoshlarning muammolarini bartaraf etishga yetarli darajada e’tibor qaratilmaganligi» natijasida, o‘tgan 6 oyda qayd etilgan jami jinoyatlarning 7 849 tasi (17,2%) aynan yoshlar tomonidan sodir etilgan.

Burxanovning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatga qo‘l urgan 9 372 nafar yoshlarning 817 nafarini xotin-qizlar, 288 nafarini oliy o‘quv yurti talabalari, 3180 nafarini bandligi ta’minlanmagan, ta’lim bilan qamrab olinmagan yoshlar tashkil etgan.

Yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 61,8 foizi Farg‘ona (25,4 foiz), Toshkent (12,8 foiz), Andijon (9,5 foiz), Namangan (7,1 foiz) va Buxoro (9,6 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Voyaga yetmaganlar jinoyatlarining 75 foizi Farg‘ona (3 foiz), Surxondaryo (1,9 foiz), Namangan (1,9 foiz), Toshkent (1,9 foiz) va Andijon (1,8 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.