AOKAda o‘tkazilgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Durdona Ochilova qator qonun buzilishlari haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, byudjet buyurtmachilari tomonidan obyektlarni joriy ta’mirlash bo‘yicha «dxarid.uz» maxsus axborot portaliga joylashtirilgan e’lonlar joylarga chiqqan holda o‘rganilganda, jami 113 mlrd so‘mlik davlat xaridlari bo‘yicha qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

davlat tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan tender tugamasdan, qurilish va ta’mirlash ishlari boshlanganligi yoki tugatilganligini aniqladi.

Toshkent shahri

Toshkent shahridagi 4 ta obyektda 3,7 mlrd so‘mlik joriy ta’mirlash va qurilish ishlari tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib boshlab yuborilganligi yoki allaqachon tamomlanganligi aniqlandi. Bunda, 2,8 mlrd so‘mlik ishlar Obodonlashtirish boshqarmasi, 611 mln so‘mlik ishlar oliy ta’lim, 200 mln so‘mlik ishlar xalq ta’limi tizimiga oid bo‘lgan.

Jizzax viloyati

Jizzax viloyatidagi tanlov e’loni tamomlanmagan 7 ta obyekt joyiga chiqib o‘rganilganida, xalq ta’limidagi 4 ta obyektda 2,2 mlrd so‘mlik qurilish va joriy ta’mirlash ishlari tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib yakunlanganligi, sog‘liqni saqlash sohasidagi 2 ta obyektda 1,1 mlrd so‘mlik, shahar hokimligining 1 ta obyektida 386 mln so‘mlik qurilish ishlari boshlanib, yakunlanish arafasida ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Masalan, Jizzax shahar 1-sonli maktab binosining isitish tizimida 2020 yilda bajarib bo‘lingan ish uchun davlat byudjeti hisobidan yangidan 815 mln so‘mlik lot qo‘yilgani aniqlandi.

Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryo viloyatida tanlov e’lon qilingan 3,8 mlrd so‘mlik 10 ta (3,7 mlrd so‘mlik obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli 9 ta va 100 mln so‘mlik xalq ta’lim tizimiga qarashli 1 ta) obyekt joyiga chiqib o‘rganilganida, tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligidagi 6 ta obyektda 3 mlrd so‘mlik qurilish va joriy ta’mirlash ishlari oldin yakunlanganligi, qolgan 4 ta obyektda qurilish ishlari olib borilayotganligi aniqlangan.

Buxoro viloyati

Buxoro viloyatida ta’lim tizimidagi muassasalarda olib borilayotgan joriy ta’mirlash ishlari o‘rganilganda, xalq ta’limi tizimidagi 3 ta obyektda 304 mln so‘mlik, maktabgacha ta’lim tizimidagi 1 ta obyektda 28 mln so‘mlik jami 4 ta obyektda 332 mln so‘mlik qurilish va joriy ta’mirlash ishlari tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib, yakunlanganligi yoki ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, Buxoro viloyati oliy ta’lim tizimidagi 5 ta obyektda jami 20 mlrd so‘mlik qurilish ta’mirlash bilan bog‘liq tender savdolarini o‘tkazish jarayonida «Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilganligi ma’lum bo‘ldi.

Masalan:

  • Buxoro davlat universitetiga qarashli talabalar turar joyini kapital ta’mirlash bo‘yicha 5,6 mlrd so‘mlik;
  • universitet o‘quv binosini kapital ta’mirlash bo‘yicha 7 mlrd so‘mlik;
  • Harbiy ta’lim fakulteti o‘quv binosini mukammal ta’mirlash bo‘yicha 6,4 mlrd so‘mlik;
  • agronomiya va biotexnologiya fakulteti o‘quv binosini joriy ta’mirlash bo‘yicha 1,3 mlrd so‘mlik e’lonlar bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov-tender jarayonlari bo‘yicha tender hujjatlari Loyihalar va import kontraktlar kompleks ekspertiza qilish markazi orqali ekspertizadan o‘tkazilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Namangan viloyati

Namangan viloyati xalq ta’limi tizimidagi 15 ta obyekt ko‘zdan kechirilganida, 3,3 mlrd so‘mlik, sog‘liqni saqlash tizimidagi 7 ta obyektda 850 mln so‘mlik ta’mirlash ishlari bo‘yicha tanlov e’lon qilingan bo‘lsada, tanlov g‘oliblari aniqlanmasdan turib, ta’mirlash ishlari yakunlanganligi yoki davom etayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Andijon viloyati

Andijon viloyatidagi tender tanlovlari tugallanmagan 39 ta obyekt joyiga chiqib o‘rganilganida, xalq ta’limi tizimiga qarashli 21 ta obyektda 6 mlrd so‘mlik, hududiy hokimlikka tegishli 11 ta obyektda 4,5 mlrd so‘mlik, maktabgacha ta’limi tizimidagi 6 ta obyektda 1,8 mlrd so‘mlik, sog‘liqni saqlash tizimidagi 4 ta obyektda 1 mlrd so‘mlik, oliy ta’lim tizimidagi 3 ta obyektda 700 mln so‘mlik qurilish ishlari boshlanib, yakunlanish arafasida ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Masalan, Shahrixon tumanidagi — Obodonlashtirish bo‘limi binosini joriy ta’mirlash yuzasidan qiymati 1,1 mlrd so‘mlik e’lon berilgan va hujjatlarni taqdim qilishning oxirgi muddati 16 iyul qilib belgilangan.

Ammo, o‘rganish jarayonida bo‘lim binosini joriy ta’mirlash uchun hech qanday ehtiyoj mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Farg‘ona viloyati

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar doirasida, Farg‘ona shahridagi O‘rmon xo‘jaligi binosini mukammal ta’mirlash bo‘yicha maxsus axborot portalida joylashtirilgan qiymati 421 mln so‘mlik tanlov e’loni tanlov g‘olibi aniqlanmasdan turib, binoda mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirib kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi 76 ta umumta’lim maktablarida jami 47,8 mlrd so‘mlik, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida 14 ta tashkilotda jami 7,9 mlrd so‘mlik, Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida 16 ta tashkilotda jami 7,9 mlrd so‘mlik jami 63,6 mlrd so‘mlik smeta xarajatlarida mablag‘ rejalashtirilmagan bo‘lsada, amalda bo‘lgan «Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunga zid ravishda «dxarid.uz» maxsus axborot portaliga e’lonlar joylashtirilganligi aniqlandi.

Monitoring yakunlari bo‘yicha byudjet buyurtmachilari tomonidan qonunchilikka zid ravishda 141 mlrd so‘mlik 458 ta davlat xaridlarini amalga oshirilishi bo‘yicha e’lon qilingan tanlovni bekor qilish haqida vazirlik va idoralarga 372 ta taqdimnoma kiritish yo‘li bilan qonunbuzilishlarning oldi olinishi ta’minlandi.

111 ta obyektda esa 29,5 mlrd so‘mlik qurilish va joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha e’lon qilingan tanlovlar yuzasidan g‘oliblar aniqlanmasdan turib, qonunchilik talablariga zid ravishda qurilish va joriy ta’mirlash ishlari boshlab yuborilganligi yoki yakunlanganligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda o‘rganishlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida prokuratura organlariga yuborish choralari ko‘rilmoqda.