29 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilishining boshlanishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, mazkur tadbirda so‘zga chiqqan SRK Consulting kompaniyasi (AQSh) direktori Mayk Bir O‘zbekistonda jahondagi eng yirik mis va oltin zaxirasi mavjudligini aytgan.

«Men barchangizni O‘zbekistonda dunyodagi eng yirik mis va oltin konini qurish va keyinchalik ishlab chiqarish boshlanishi bilan tabriklamoqchiman. SRK Consulting kompaniyasi dunyoning turli mamlakatlarida o‘z faoliyatini olib boradi va tan olib aytishim kerakki dunyoning hech qaysi davlatida bunday ko‘lamdagi va minerallarga boy bo‘lgan zaxiralar hali ochilmagan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektromobillar ishlab chiqarishi rivojlanishi ortidan jahon bozorida misga bo‘lgan talab kun sayin ortib boradi.

«Hozirgi kunda jahonda elektr avtomobillarini ishlab chiqarish juda katta tendensiyaga aylanib bormoqda va ularni ishlab chiqarish jarayonida mis juda ham ko‘p ishlatiladi. Shuning uchun siz (Shavkat Mirziyoyev nazarda tutilmoqda — tahr.) olib borayotgan siyosat uzoqni ko‘zlovchi siyosat desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, yaqin o‘rtada jahon bozorida misga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Hozir bizni qo‘limizda, 19,5 mlrd tonnaga teng bo‘lgan ruda bor. Bundan tashqari, 45 mln tonna mis va 5,5 ming tonna oltin zaxirasi mavjud. Janob prezident men sizni va O‘zbekiston xalqini mana shunday ajoyib natija bilan tabriklamoqchiman», — dedi Mayk Bir.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, elektr texnikasi sanoati jadal rivojlanishi natijasida 2030 yilga borib misga bo‘lgan ehtiyoj kamida 40 foizga ortishi kutilmoqda. «Bu Olmaliq kombinati mahsulotlariga xalqaro talab uzoq yillar davomida yuqori bo‘ladi, deganidir», — deyiladi xabarda.

«Yoshlik-1» koni negizida qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasining qiymati 2 mlrd dollarga teng va birinchi bosqichda yiliga 60 mln tonna ruda qayta ishlash imkoni yaratiladi.

Ikkinchi bosqichda quvvat 160 mln tonnaga yetadi yoki bugungi ko‘rsatkichdan 3 barobarga ko‘payadi. Ushbu ikki bosqich amalga oshirilishi natijasida korxona 2028 yilga borib yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, tadbirda mis va oltin bo‘yicha qazilma boyliklarga soliq stavkalarini 10 foizdan 7 foizga, tabiiy gaz va neft bo‘yicha 10 foizga, uran bo‘yicha 8 foizga, volfram bo‘yicha 10 foizdan 2,7 foizga tushirish rejalashtirilgani aytildi. Bunday imtiyozlar investorlarda albatta katta qiziqish uyg‘otishi ta’kidlandi.