2021 yilning 6 oyida bolalar bilan bog‘liq 542 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ularda 458 nafar bola jarohatlangan va 104 nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘lgan. Bu haqda 30 iyul kuni Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxanov Ichki ishlar vazirining axboroti yuzasidan ma’ruzasida ma’lum qildi.

Uning ta’kidashicha, avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan «ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi» sababli, 2021 yilning 6 oyi davomida jami 3,5 mlnga yaqin, 2020 yilga nisbatan 40,8 foizga ko‘p yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlangan.


2 mlnga yaqin qo‘pol qoidabuzarlik, 2020 yilga nisbatan 37,3 foizga ortgan. 20 mingdan ortiq transport vositasini mast holda boshqarish 2020 yilga nisbatan qariyb 100 foizga ortgan, 250 mingga yaqin piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan.

Mazkur qoidabuzarliklar natijasida 3754 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 3177 nafar fuqaro jarohatlangan va 954 nafar fuqaro halok bo‘lgan.


Kutbiddin Burxanovning ta’kidlashicha, 2020 yilning olti oyiga nisbatan solishtirganda jami yo‘l-transport xodisalar soni 57,2 foizga, ulardan halok bo‘lganlar 30,5 foizga, jarohatlanganlar esa 38,1 foizga ortgan. Bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari esa 2020 yilning olti oyiga nisbatan 40,8 foizga, jarohatlanganlar 44,9 foizga, halok bo‘lganlar esa 33,3 foizga ortib ketgan.

Ana shunday sharoitda 2021 yilning 6 oyida sodir etilgan qoidabuzarliklarning bor-yo‘g‘i 1,1 millioni kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi orqali aniqlangan.

Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha yo‘l-transport hodisalarining 50 foizidan ortig‘i Farg‘ona (601),Toshkent (529), Samarqand (374) viloyatlari va Toshkent shahar (428) hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Avvalroq, 2021 yilning 4 oyi davomida bolalar ishtirokidagi YTH soni 25,3, ularda halok bo‘lgan bolalar soni 64,5 foizga oshgani haqida xabar bergan edik.