Toshkentdagi ko‘p qavatli uylar va aholi zich joylashgan mahallalar va ularga tutash hududlarda hamda ichki yo‘l yoqalari va boshqa bo‘sh maydonlarida mahalliy aholi uchun istirohat yo‘laklarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Poytaxt hokimining 28 iyuldagi qarorida bu haqda so‘z boradi. Hujjat nusxasi «Gazetauz»da mavjud.Hujjatga ko‘ra, istirohat yo‘laklari joylashuvi xavfsiz va aholi uchun qulay bo‘lishi, uzunligi 200−300 metrdan oshmasligi, xususiy mulklarga zarar yetkazmasligi hamda ko‘p yillik daraxtlar kesilmasligi inobatga olingan holda barpo etiladi.

Istirohat yo‘laklarni loyihalashtirishda qattiq qoplamali maydon (asfalt, beton yoki bruschatka qoplamali), piyodalar va velosipedda sayr qilish, bolalarni faol o‘yinlar bilan band bo‘lishi, VorkOut hududlar, o‘rindiqlar o‘rnatilishiga e’tibor qaratiladi.

Ayrim joylarda ko‘chma savdo do‘konlari va yengil konstruksiyali (muzqaymoq, salqin ichimliklar, fast-fud, kiosk va h.k.) xizmat ko‘rsatish shahobchalari joylashtiriladi. Ularni o‘rnatish uchun yer maydonlarining ijara huquqi «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi.

Qarorda ko‘chma savdo va yengil konstruksiyali xizmat ko‘rsatish shaxobchalarini o‘rnatish uchun tijorat banklari tomonidan tashabbuskor tadbirkorlarga kredit ajratilishi tavsiya etildi.