O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) ikki boks jangidagi hakamlik va ular natijalari yuzasidan Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari maxsus komissiyasiga murojaat qildi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Mirazizbek Mirzaxalilov va Tursunoy Rahimova o‘tkazgan janglar natijalaridan norozilik bildirgan edi.

Mirazizbek Mirzaxalilov va Tursunoy Rahimova.

Ma’lum qilinishicha, Olimpiya o‘yinlarida boks bahslarini o‘tkazish Xalqaro bokschilar assotsiatsiyasiga (AIBA) emas, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tomonidan tuzilgan maxsus komissiyaga topshirilgan. Unga esa Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti, yaponiyalik Morinari Vatanabe rahbarlik qilmoqda.

Musobaqa davomida ayrim delegatsiyalar boks bo‘yicha musobaqalardagi hakamlik yuzasidan o‘z noroziliklarini ma’lum qilishdi. Shu jumladan, O‘zbekiston MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov ham Morinari Vatanabe bilan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritib olishdi.

Xalqaro mutaxassislarning ta’kidlashicha, har bir bellashuvda 5 nafar hakamdan tashqari alohida 2 maxsus vakil orqali referilarning qarori nazorat qilib boriladi. Bahs yakunida e’lon qilingan qaror qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Qo‘shimcha qilinishicha, janglarda shubhali holatlar alohida o‘rganib boriladi va o‘z ishiga noprofessional yondashgan hakamlar Olimpiya o‘yinlaridan chetlatilish va uyiga jo‘natib yuborilishi belgilab qo‘yilgan.

Bokschi Mirazizbek Mirzaxalilov (-57) Tokiodagi O‘yinlarning beshinchi kuni irlandiyalik Kurt Uokerga qarshi ringga ko‘tarilib, 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Musobaqalarning oltinchi kuni esa Tursunoy Rahimova (-51 kg) chorak finalga chiqish jangida turk sportchisi Buse Naz Chakirogludan 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.