Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining oltinchi kunida olti nafar sportchi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etdi.

Dzyudo. -100 kg vazn toifasida kurashgan O‘zbekiston vakili Muhammadkarim Xurramov birinchi bahsini irlandiyalik Benjamin Fletcherga qarshi o‘tkazdi. Bellashuvda o‘zining yaqqol ustunligini namoyish etgan Xurramov vazari bahosi bilan bahs taqdirini o‘z foydasiga hal qildi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Keyingi bosqichda esa u yaponiyalik Aron Volfga qarshi tatamiga chiqib, mag‘lubiyatga uchradi va ushbu yo‘nalishda medallar uchun kurashni to‘xtatdi. Endi u aralash jamoaviy yo‘nalishda ishtirok etishi mumkin.

Akademik eshkak eshish. Juftlik yengil vazn toifasida so‘nggi bosqichgacha yetib borgan Shaxboz Xolmirzayev va Sobir Safaraliyev finalda yaxshi natija ko‘rsata olishmadi va mag‘lub bo‘lishdi.

Boks. Jahon chempioni, O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori, +91 vazn toifasida bellashayotgan Bahodir Jalolov Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. Ozarbayjonlik Muhammad Abdullayevga qarshi kechgan bellashuvda Jalolov raqibini katta ustunlik bilan mag‘lub etdi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Chorak finalda Jalolovga hindistonlik Satish Kumar raqib bo‘ladi. Ular o‘rtasidagi jang 1 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 9:06 da bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, shu kuni bokschi Tursunoy Rahimova (-51 kg) ham Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi yurishini davom ettirdi. 1/8 finaldagi bahsda u turkiyalik Buse Naz Chaqiro‘g‘lu bilan murosasiz jang o‘tkazib, imkoniyatni boy berib qo‘ydi va musobaqadagi ishtirokini yakunladi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Bugun Fanat Qahramonov ham o‘zining ikkinchi bahsida ringga ko‘tarildi. Bu bosqichda unga qozog‘istonlik sportchi Abilxan Amankulov raqib bo‘ldi. Unga qarshi kechgan jang raqibning g‘alabasi bilan yakunlandi. Shu tariqa Qahramonov ham Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakunlamoqda.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Xabar e’lon qilingan vaqtda O‘zbekiston bitta oltin va bitta bronza medali bilan turnir jadvalining 28-pog‘onasini egallab turibdi.