O‘zbekiston IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlarda «Taxiatosh tumanida ichki ishlar organi xodimi fuqaroning o‘limiga sababchi bo‘ldi» sarlavhasi bilan tarqalgan xabarlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 23 may kuni soat 11:00lar chamasida Taxiatosh tumani IIB navbatchilik qismining «102» telefon raqamiga o‘zini «Ramazan» ko‘chasida yashovchi «Gulayыm» debtanishtirgan fuqaro qo‘ng‘iroq qilib, «Ramazan» ko‘chasi 7-uyning oldida bir mast fuqaro yotganligini aytib xabar bergan. Mazkur xabar yuzasidan voqea joyiga huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori kapitan S.Baymuratov borgan.

Kapitan S.Baymuratov «Ramazan» ko‘chasiga borganida, o‘zini B.Tajimuratov deb tanishtirgan mast fuqaroni tibbiyot birlashmasiga olib borib, shifokor ko‘rigidan o‘tkazib, B.Tajimuratovning mastligi va jarohati haqida «alkogolnoye opyaneniye, ushib legkix, rana levoy brovnoy oblasti» deb ma’lumotnoma olingan.

Kapitan S.Baymuratov fuqaro B.Tajimuratovni bo‘limning navbatchilik bo‘limiga olib kelib topshirib, bu voqea yuzasidan bo‘lim boshlig‘i nomiga bildirgi bilan axborot bergan.

Fuqaro B.Tajimuratov bo‘limning hushyorlik xonasida sog‘ligi yomonlashganligi sababli, shu kungi navbatchilik qismi navbatchisi tomonidan tez yordam chaqirilib, B.Tajimuratov kasalxonaga yuborilgan. Keyinchalik fuqaroning shaxsi surishtirilganda, Taxiatosh tumanida yashovchi B.Dauletmuratov ekanligi aniqlangan.

2021 yilning 28 may kuni fuqaro B.Dauletmuratovning opasi Taxiatosh tumani Tantashov ko‘chasida yashovchi fuqaro S.Dauletmuratova Taxiatosh tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, ukasini profilaktika inspektori kapitan S.Baymuratov urib, tan jarohat yetkazganini ko‘rsatgan.

Mazkur murojaat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilib, 28 iyun kuni kapitan S.Baymuratovning xatti-harakatlarida hech qanday qonunbuzilish holatlari aniqlanmaganligi to‘g‘risida xulosa qabul qilingan.

Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston prokuraturasi ham munosabat bildirib, hozirgi kunda B.Dauletmuratov o‘limi holati yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Holat bo‘yicha Taxiatash tumani IIB xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi va marhum B.Dauletmuratovning o‘limi sabablirini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Mazkur tergovga qadar tekshiruv harakati shaxsan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori nazoratiga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Denov tumanida ikki nafar IIO FMB profilaktika inspektori yordamchilari fuqaroni bir necha bor urib, tan jarohati yetkazgani, oqibatda fuqaro shifoxonada vafot etgani haqida xabar qilingan edi.