O‘zbekiston «Sputnik V» vaksinasini Rossiyadan sertifikat olinganidan keyin ishlab chiqaradi. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentiligi direktori Sardor Kariyevga tayanib «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Kariyevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda Jurabek Laboratories MCHJ tomonidan «Sputnik V» vaksinasining namuna dozalari ishlab chiqarilgan va Rossiyaning Gamaleya institutiga sinovdan o‘tkazish va sertifikatsiya qilish uchun yuborilgan.

«Avgustning birinchi haftasiga ijobiy javobni kutyapmiz. Undan keyin [Jurabek Laboratories] sexida ishlab chiqariladi», — dedi Kariyev.

Jurabek Laboratories MCHJ ishlab chiqarish direktori Farrux Lutfullayevning «Gazeta.uz»ga ta’kidlashicha, zavod tomonidan birinchi bosqichda 2 million doza «Sputnik V» va 10 million doza xitoy-o‘zbek vaksinalarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

«Sputnik V» vaksinasi qachon ishlab chiqarilishi bo‘yicha savolga u Gamaleya institutidan xom-ashyo kelishini kutishayotganligini ta’kidladi. «Avgust o‘rtalarida quyishni boshlasak, avgust oxirida yetkazib berishni rejalashtiryapmiz», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xitoy-o‘zbek vaksinasini ishlab chiqarish masalalari hozirda Xitoydan kelgan delegatsiya tomonidan o‘rganilmoqda. Zavodning texnik va texnologik imkoniyatlariga ijobiy baho berilganidan keyin, Xitoyga tekshiruv uchun O‘zbekistonda quyilgan vaksina namunasi yuboriladi va sinovdan o‘tkaziladi.

Oldinroq, O‘zbekistonga 1,2 mln doza Pfizer va boshqa vaksinalar olib kelinishi haqida ma’lumot berilgan edi.