Jurnalist Nikolo Skiraning xabar berishicha, “Roma” Eldor Shomurodovning transferini hal etdi.

Transfer tez orada rasman e’lon qilinadi.

Rimliklar O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisini 16 mln yevro evaziga sotib olish huquqi bilan ijaraga oldilar. Shomurodov endi 2026 yilgacha “Roma” manfaatlarini himoya qiladi. “Jenoa” futbolchining keyingi sotuvidan ma’lum miqdorda pul ishlab oladi.

Boshqa bir jurnalist Fabritsio Romano ham “Roma” Eldor Shomurodov bilan kelishuvga erishganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, eronlik hujumchi Sardor Azmun “Bayer Leverkuzen” jamoasi bilan muzokara olib bormoqda. Shuning uchun, “Roma” Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi.

Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov Rossiyaning “Rostov” jamoasidan Italiyaning “Jenoa” klubiga 2020 yil oktyabr oyida o‘tgan edi. Genuyaliklar futbolchi uchun rostovliklarga 7,5 mln yevro haq to‘lagan.

Futbolchi o‘tgan mavsum A Seriyadagi debyut mavsumida 31 ta o‘yinda maydonga tushib, 8 ta gol va 1 ta assist qayd etdi.

Qayd etish lozim, Joze Mourino boshchiligidagi “Roma” yangi mavsumda Konferensiyalar Ligasida o‘ynaydi.

Avvalroq, Football Italia nashri hamda taniqli insayder Nikolo Skira ham mazkur transfer haqida xabar bergan edi.