28 iyul kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati “Qarabutak” mahallasidan o‘tadigan Samara-Chimkent xalqaro avtomobil yo‘lining 992-kilometrida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, YTHda Toyota Previa avtomashinasi Qozog‘iston fuqarosi boshquruvida bo‘lgan.

O‘zbekistonning Aktau shahridagi Bosh konsulxonasini ma’lum qilishicha, yo‘l-tansport hodisasi oqibatida avtomobil haydovchisi va Aktau shahriga ishga ketayotgan 8 nafar yo‘lovchi (barchasi O‘zbekiston fuqarolari) turli darajadagi tan jarohati bilan shahar shifoxonasiga yotqizilgan.

43 yoshli fuqaro N.D vafot etdi. 5 nafar yo‘lovchi davolanmoqda. Yana ikki nafar yo‘lovchiga esa shifoxonadan javob berilgan.

“Bosh konsulxona vaziyatni o‘z nazoratiga olgan. Marhumning jasadini vatanga yetkazishni tashkil etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.