Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati, Denov tumani, Oqtom mahallasida yashagan Hasan Xushmatovni ichki ishlar xodimlari majburlab idoraga olib ketib, vahshiylarcha qiynab o‘ldirgani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 10 iyul kuni Denov tumani Oqtom maxallasida yashovchi fuqaro Yunus Xushmatov tuman ichki ishlar bo‘limiga akasi Hasan Xushmatov mast holda yashash uyida janjal qilib, tinchligini buzayotgani haqida xabar bergan.

Shunga asosan, tuman IIO FMB profilaktika inspektori va uning ikki nafar yordamchisi Hasan Xushmatovning xonadoniga kelishgan va uni avtomashinaga o‘tkazib, tuman IIBga olib ketishgan. Yo‘lda profilaktika inspektorining yordamchilari Hasan Xushmatovni bir necha bor urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda fuqaro Hasan Hushmatov 11 iyul kuni shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Denov tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104- (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 206-moddalari (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Surxondaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mamlakatimizda qonun buzilish holatining har qanday ko‘rinishiga murosasiz ekanligini yana bir bor eslatib o‘tdi.