Markaziy bank Boshqaruvining 2021 yil 29 iyulda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan press-reliz taqdim etildi.

Iqtisodiy faollik va yalpi talab

Joriy yilning II choragi bo‘yicha mamlakatimizda iqtisodiy faollikning jadallashishi davom etib, aksariyat tarmoqlarda o‘sish ko‘rsatkichlari pandemiyagacha bo‘lgan darajaga yetdi.

2021 yilning I yarim yilligida yalpi ichki mahsulot real hajmda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 foizga oshdi. Ushbu yuqori o‘sish ko‘rsatkichi, birinchidan, 2020 yilning yanvar-iyun oylaridagi past baza effekti bilan, ikkinchidan, fiskal rag‘batlantirishlar va iqtisodiyotga yo‘naltirilgan kreditlar hisobiga yalpi talabning qo‘llab-quvvatlanishi bilan izohlanadi.

Bunda, iqtisodiyotning sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘sish sur’atlarining (mos ravishda 8,5 va 18,3 foiz) pandemiyagacha bo‘lgan davr ko‘rsatkichlarigacha yetganligi kuzatilgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi (1,8 foiz) va qurilish ishlari (0,1 foiz) sohalarida 2020 yilda yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolinganligi hisobiga joriy yilgi ko‘rsatkichlarda sezilarli o‘sish kuzatilmadi, mazkur ko‘rsatkichlar ikkinchi yarim yillikda yaxshilanishi kutilmoqda.

Iqtisodiyotda talab hajmining o‘sib borishi, o‘z navbatida, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,7 foizга, chakana savdo aylanmasining 9 foizга oshishida ham namoyon bo‘ldi.

Tijorat banklari kreditlari, qarz mablag‘lari hamda xorijiy kredit liniyalari investitsion talab o‘sishining asosiy drayveri bo‘lib xizmat qildi. Birinchi yarim yillikda asosiy kapitalga yo‘naltirilgan markazlashmagan investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizга oshdi.

Umuman olganda, yanvar-iyun oylarida tijorat banklari tomonidan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga ko‘p kreditlar ajratildi va iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari qoldig‘i yil boshiga nisbatan 8,7 foizга o‘sdi.

Shu bilan birga, joriy yilning fevral oyida davlat sektorida ish haqlarining oshirilishi, I yarim yillikda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning nisbatan barqaror bo‘lganligi hisobiga xususiy sektorda ham iqtisodiy faollikning yaxshilanishi aholi daromadlarini tiklanishiga xizmat qildi. Xususan, I yarim yillikda aholining real daromadlari 10,8 foizга oshib, iste’mol talabini rag‘batlantiruvchi omillardan bo‘ldi.

Asosiy eksport tovar pozitsiyalari bo‘yicha tashqi konyunkturaning yaxshilanib borishi fonida eksport tushumlari hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi yilning dastlabki olti oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga o‘sdi.

Tashqi inflyatsion vaziyat keskinligicha saqlanib qolmoqda. Xususan, 2021 yil boshidan Xitoydan tashqari boshqa asosiy savdo hamkorlarda inflyatsiya darajasining Markaziy bank target ko‘rsatkichlariga nisbatan yuqori bo‘lishi, ushbu davlatlarda asosiy stavkani oshirish va pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lmoqda.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

2021 yilning iyun oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflyatsiya darajasi may oyida kuzatilgani kabi 10,9 foizни tashkil etib, so‘nggi to‘rt-besh oydan beri deyarli o‘zgarishsiz shakllanmoqda.

Iyun oyi yakunlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yillik o‘sishi 14,7 foizни tashkil etib, umumiy inflyatsiyaga eng asosiy oshiruvchi hissa qo‘shdi. Ta’kidlash joizki, may-iyul oylarida ushbu guruhdagi meva va sabzavotlar narxlarida kutilganidek mavsumiy pasayish sur’atlari kuzatilmadi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘suvchi dinamikasi ko‘proq ishlab chiqarish, ob-havo sharoitlari, hosildorlik darajasi, umuman olganda, taklif bilan bog‘liq omillar ta’siri bilan izohlanadi.

Inflyatsiyaning barqaror komponentlaridan tashkil topgan nooziq-ovqat va xizmatlar narxlarida iyun oyida yillik o‘sish sur’atlari mos ravishda 8,2 va 8,1 foizни tashkil etib, umumiy inflyatsiyani prognoz doirasida sekinlashishiga xizmat qilmoqda.

Mavsumiy tebranuvchan meva va sabzavotlar hamda tartibga solinadigan tovarlar narxlari (tariflari) o‘zgarishini istisno qilish orqali hisoblanadigan bazaviy inflyatsiya darajasi iyun oyida umumiy inflyatsiya darajasidan pasayib, 10,2 foizни tashkil qildi.

Iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra kelgusi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalari 16,3 foizни tashkil etib, mart oyiga nisbatan 0,8 foiz bandga o‘sdi. Kutilmalarning kelgusi dinamikasi ko‘proq asosiy oziq-ovqat tovarlari narxlarining barqarorlashuvi va almashuv kursi dinamikasiga muvofiq tarzda shakllanib boradi.

Pul-kredit sharoitlari

Joriy yilning II choragi davomida iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmining yuqori sur’atlarda ortishi ta’sirida bank tizimida likvidlikning tarkibiy profitsitining o‘sib borishi hamda banklararo pul bozoridagi sharoitlarning sezilarli darajada yumshashi kuzatildi va iyun oyida o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar 11 foizgacha pasaydi.

Umumiy likvidlikning ortishi tijorat banklarining pul bozoridagi faolligining sezilarli pasayishiga olib keldi. Xususan, 2021 yilning II choragida pul bozorida o‘rtacha oylik operatsiyalar hajmi I chorakdagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,4 barobarga kamaydi.

Qisqa muddatli pul resurslari bozorida foiz stavkalarining pasayishiga qaramay, uzoq muddatli resurslar bozorida vaziyat barqarorligicha saqlanib qolmoqda.

Xususan, iyun oyida milliy valyutadagi depozitlar foiz stavkalarida may oyiga nisbatan sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.

Jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan stavkalar 19,5 foiz, yuridik shaxslarniki bo‘yicha
esa 15,8 foiz darajasida shakllandi.

Milliy valyutadagi depozitlar bo‘ycha real foiz stavkalarning ijobiy saqlanib qolayotganligi va almashuv kursining joriy tendensiyalari sharoitida milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmi o‘sish dinamikasi iyun oyida ham davom etdi. Xususan, yil boshidan milliy valyutadagi jami muddatli depozitlar 24,3 foizга, jumladan, jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari 33,3 foizга o‘sdi.

Kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarida yil boshiga nisbatan biroz o‘sish kuzatildi. Bunda, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 22,2 foizни tashkil etgan bo‘lsa, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha — 20,8 foizни tashkil etdi.

Ayni paytda, kreditlar bo‘yicha real foiz stavkalarining 9−10 foizlik darajada shakllanayotganligi hamda yuqori iqtisodiy va investitsion faollik sharoitida asosiy stavkani oshirilishi iqtisodiyotda real foiz stavkalarini yanada o‘sishiga olib kelishi mumkin.

Markaziy bank Boshqaruvining avvalgi yig‘ilishida ta’kidlanganidek, bank tizimidagi likvidlikni qisqa muddatli tartibga solish bo‘yicha operatsiyalar hajmlari oshirilishiga qaramasdan, iqtisodiyotga markazlashgan manbalardan yo‘naltirilayotgan mablag‘larning notekis taqsimlanishi natijasida pul bozoridagi foiz stavkalarni Markaziy bank foiz koridoridan chetlashish holatlari kuzatilishi davom etmoqda. Bu, o‘z navbatida, Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosati instrumentlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni taqozo qilmoqda.

Shu munosabat bilan, 2021 yilning 1 avgustidan boshlab:

  • asosiy stavka foiz koridori +/-2 foiz band etib belgilanadi, bunda Markaziy bank tomonidan qisqa muddatli resurslarni taqdim etish 16 foizlik stavkada, qisqa muddatli resurslarni jalb qilish 12 foizlik stavkada amalga oshiriladi;
  • tijorat banklari bilan Markaziy bankning overnayt depozit operatsiyalari doimiy ravishda cheklovlarsiz o‘tkazib boriladi;
  • majburiy rezervlar bo‘yicha o‘rtachalash koeffitsiyenti 0,75 dan 0,8 gacha oshiriladi;
  • tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada jalb qilingan depozitlar bo‘yicha majburiy rezervlar normativi 14 foizdan 18 foizgacha oshiriladi.

Majburiy rezervlar normativlari bo‘yicha kiritilgan o‘zgartirishlar, o‘z navbatida, iqtisodiyotda dollarlashuv darajasini pasayishiga xizmat qiladi.

Markaziy bank pul bozoridagi vaziyatni doimiy kuzatib borib, foiz stavkalarni asosiy stavkaga yaqin va foiz koridori doirasida shakllanishi bo‘yicha barcha zaruriy choralarni ko‘rib boradi.

Prognoz va xatarlar

Joriy yilning birinchi yarim yilligida shakllangan tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarni inobatga olib 2021 yil oxirigacha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning prognozlari qayta ko‘rib chiqildi.

Bunda, joriy yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur’ati prognozi 5,8−6,8 foizgacha oshirildi (dastlabki prognoz 4,5−5,5 foiz). Bu, o‘z navbatida, fiskal rag‘batlantirishlar ta’sirida iqtisodiy faollik va yalpi talabning kutilganidan yuqori sur’atlarda o‘sayotganligi, yil oxirigacha ishlab chiqarish manfiy tafovutining qisqarishi va asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar o‘sish sur’atlarining tiklanishi bilan izohlanadi.

Inflyatsiya bo‘yicha 2021 yil uchun prognoz ko‘rsatkichi 9−10 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Yil so‘ngigacha inflyatsiya prognoziga pul-kredit sharoitlarining nisbatan qat’iy saqlanib qolishi, pul-kredit instrumentlari to‘plamiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, valyuta bozorida kuzatilayotgan barqaror tendensiyalar, tegishli vazirlik va idoralar bilan inflyatsiyaning nomonetar omillari ta’sirini pasaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni jadallashtirish orqali erishiladi.

Moliyaviy rag‘batlantirishlar ta’sirida yalpi talabning tez sur’atlarda tiklanishi fonida taklif hajmlarining unga mutanosib tarzda shakllanishi uchun ma’lum vaqt talab qilishi narxlarga bosimni yuzaga keltirishi mumkin.

Iqtisodiyotda sezilgan inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar darajasining yuqori qolayotganligi hamda ularning asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishiga ta’sirchanligining yuqoriligi inflyatsion vaziyatni yanada kuchaytirishi mumkin.

Kelgusi oylarda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning o‘zgarishi sharoitida dori-darmonlar, tibbiy xizmatlar va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini keskin oshishini oldini olish, karantin bilan bog‘liq cheklovlarning umumiy ovqatlanish, transport va yetkazib berish xizmatlari sohalaridagi narxlarga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish muhim ahamiyat kasb etadi.

Go‘sht mahsulotlari va qoramollar importi hajmining oshib borishiga qaramay ichki bozorlarda go‘sht mahsulotlari narxlarining o‘sish dinamikasining saqlanib qolishi, hududlarda chorva uchun zaruriy ozuqa bazasini ko‘paytirish va mahalliy ishlab chiqarish hajmlarini oshirish orqali ushbu mahsulotlarning barqaror taklifini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishni taqazo etadi.

Shuningdek, iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan mablag‘larning samaralari qayta taqsimlanishi, ularning ichki bozordagi narxlarga ta’sirini minimallashtirishga xizmat qiladi.

Markaziy bank tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlarni sinchikovlik bilan o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib boradi.

Avvalroq, Markaziy bank Boshqaruvining oraliq yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilingani haqida xabar berilgan edi.