Tez ovqatlanish restoranlari global tarmog‘i Burger King O‘zbekiston bozoriga kirmoqda. Bu haqda Spot bir nechta manbalariga tayanib xabar bermoqda.

O‘zbekistondagi franshiza Burger King Uzbekistan bo‘lib, uning franchayzeri Moskva bo‘ladi. Spot ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda OOO Burgerhouse kompaniyasi ro‘yxatga olingan, uning ustav fondi 1 mlrd so‘mga teng. Shuningdek, xodimlarni ishga olish boshlangan. Kompaniya ushbu ma’lumotlarni «Gazeta.uz»ga ham tasdiqladi va litsenzion kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganligini ma’lum qildi.

Kompaniyaning aniqlashtirishicha, Toshkentda birinchi filial shu yilning oxirigacha ochilishi rejalashtirilmoqda, lekin pandemiya bunga ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Spot yozishicha, restoranning ma’muriy-boshqaruv personali (direktor va menejerlar) uchun o‘quv mashg‘ulotlari Moskvada bo‘lib o‘tadi. Filiallar qayerda joylashishi bo‘yicha ma’lumot hozircha yopiq.

Burger King allaqachon O‘zbekistonda o‘zining intellektual mulkini himoya qilgan (2014 yilda), lekin 17 may kuni kompaniya yana ikkita tovar belgisini ro‘yxatga olgan. Hozirda ular ko‘rib chiqilmoqda.

Burger King 1954 yilda AQShda tashkil topgan. Gamburgerlarga (asosan vopperlar) ixtisoslashgan tez ovqatlanish restoranlari tarmoqlari orasida dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi.