Yana antirekord: bir kunda 843 kishida koronavirus aniqlandi

Kecha O‘zbekistonda 843 nafar kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. 556 nafar kishida pnevmoniya aniqlanib, 8 nafar bemor vafot etdi.

Qashqadaryoda 10,4 mlrd so‘mlik davlat xaridlariga oid ish va xizmatlar shartnomasiz bajarilayotganligi aniqlandi

Antikorrupsiya agentligining Qashqadaryo viloyatida o‘tkazgan o‘rganishlari natijasida davlat xaridlariga oid amaldagi e’lonlar bo‘yicha 32 ta holatda 10,4 mlrd so‘mlik ish va xizmatlar hali shartnomalar tuzilmasdan pudratchilar tomonidan boshlab yuborilganligi aniqlandi. E’lon muddati hali tugamagan ba’zi ishlar 100 foiz bajarilgan.

Samarqandda 5 ta uy yonib ketdi

Samarqand viloyatida 5 ta uy yonib ketdi. Yong‘in kuchli shamol oqibatida katta maydonga tarqalgan. Uni o‘chirishga 1 soatdan oshiq vaqt ketdi. Yong‘in natijasida jarohat olganlar yo‘q.

Notariuslar faoliyati “Sirli mijoz” orqali tekshiriladi

Hukumat qarori bilan notariuslarning qonun hujjatlariga rioya etishi ustidan nazorat qilish, jumladan, rejali, qisqa muddatli, kameral tekshiruvlar o‘tkazish tartibi belgilandi. Shu bilan birga, notariuslar adliya organi rahbarining buyrug‘i asosida “Sirli mijoz” tadbiri yordamida tekshiriladi.

O‘zbekistonda 5 iyuldan beri pnevmoniyadan 60 kishi vafot etdi

O‘zbekistonda 5 iyuldan beri 8723 nafar bemorlarda pnevmoniya aniqlangan bo‘lib, ularning 2770 nafari sog‘ayib chiqqan. Shu kungacha bemorlarning 60 nafari vafot etdi. Viloyatlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri (3240), Toshkent (1288) va Jizzax viloyatida (998) qayd etilgan.

Yarim kunga suv ta’minotidan uzilgan aholiga maxsus mashinalarda ichimlik suvi yetkazish taklif etildi

Qonunchilik palatasi tomonidan ichimlik suvi ta’minotiga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, har oyda kamida bir marta hisoblagichlar holatini o‘rganish, ichimlik suvi ta’minotida uzilishlar davomiyligi 12 soatdan oshsa aholini maxsus mashinalarda ichimlik suvi bilan ta’minlash va tariflar narxi o‘zgarishi haqida 15 kun oldin xabardor qilish taklif etilmoqda.

Migratsiya va odam savdosi bo‘yicha Telegram-bot ishga tushirildi

O‘zbekistonlik mehnat migrantlariga yordam berishga mo‘ljallangan Telegram-bot ishga tushirildi. Unda chet elda ishlash va yashash qoidalari, ularning huquq va majburiyatlari, shuningdek, chet elda ishlayotganlarni qo‘llab-quvvatlash turlari to‘g‘risida bilib olish mumkin. Bundan tashqari, botga odam savdosi to‘g‘risida ma’lumot yuborilishi mumkin.

AQSh O‘zbekiston bolalar bog‘chalari uchun $21 mln ajratadi

AQSh “O‘zbekistonda ta’lim va bolalar uchun oziq-ovqat” dasturi doirasida maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 21 mln dollar ajratadi. Mazkur mablag‘ 400 dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 245 ta qishloq va kam ta’minlangan MTTlariga yo‘naltiriladi.

“Murojaatlarning 30 foizi ijobiy hal bo‘lgan”. Ombudsmanning 6 oylik faoliyati sarhisob qilindi

Joriy yilning birinchi yarmida Ombudsmanga 9 632 ta murojaat kelib tushgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga ko‘p. Hozirga qadar ularning 30 foizi ijobiy hal qilingan. Natijada 13 ta jinoiy, 4 ta ma’muriy va 8 ta intizomiy ish qo‘zg‘atilgan. 16 nafar mansabdor javobgarlikka tortilgan, qolaversa, 10 dan ortiq fuqaro ishga tiklangan.

Endi “tonirovka” ruxsatnomasi faqat yagona portal orqali beriladi

1 oktyabrdan “tonirovka” ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati faqat my.gov.uz orqali ko‘rsatiladi. Ruxsatnoma 1 yil muddatga beriladi va oynalar haydovchi tomonidan mustaqil ravishda qoraytiriladi.

Tokio-2020. O‘zbekistonlik dzyudochi Davlat Bobonov bronza medal sohibi bo‘ldi

-90 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik dzyudochi Davlat Bobonov Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston delegatsiyasiga ikkinchi medalni taqdim qildi.

Prezident mehribonlik uylarini Milliy gvardiya mas’ulligiga o‘tkazishni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi 21-mehribonlik uyiga tashrif buyurdi. Prezident ta’kidlashicha, “mehribonlik uyida sharoitlar yaxshi, lekin tarbiyalanuvchilarning 18 yoshdan keyingi mustaqil hayotiga ko‘maklashuvchi mas’ul idora yo‘q”. Shu sababli, davlat rahbari barcha mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni Milliy gvardiya mas’ulligiga o‘tkazish taklifini bildirdi.

Yaponiya qishloqlarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga grant ajratadi

Yaponiya hukumati O‘zbekistonning uzoq qishloqlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga 2,7 mln dollardan ko‘proq miqdorda grant ajratmoqda. Loyiha Jahon banki ko‘magida Mahalla vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Tokio-2020: O‘zbekiston Olimpiadaning beshinchi kunini bronza medali bilan yakunladi

Tokiodagi Olimpiadaning beshinchi kunida dzyudochi Davlat Bobonov bronza medali sohibiga aylanib, O‘zbekiston terma jamoasiga musobaqadigi ikkinchi medalni keltirdi. Bokschilar Mirazizbek Mirzahalilov va Dilshod Ro‘zmetovlar Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroklarini tugatishdi. Dzyudochi Gulnoza Matniyazova ham yakka bahslardagi ishtirokini muvaffaqiyatsiz yakunlab, aralash jamoaviy yo‘nalishdagi ishtirokiga tayyorlanadi.

“Bolalar g‘amxo‘rlikni to‘liq his qilayapti-mi? Afsuski, yo‘q”. Prezident — mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari haqida

Chorshanba kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev mehribonlik uylaridagi bolalar g‘amxo‘rlikni to‘liq his qilmayotganini qayd etdi. Shuningdek, hokimlar, sektor rahbarlari va Xalq ta’limi vazirligi mehribonlik uylari bilan yetarlicha ishlamagani tanqid ostiga olindi. Shundan kelib chiqib, 16 ta “Mehribonlik uyi” va 4 ta “Bolalar shaharchasi” Milliy Gvardiya tizimiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Toshkentning Mirobod tumanida 500 dan ziyod peshlavhalar “to‘g‘rilandi”

Toshkentning Mirobod tumanida bir qator ko‘chalardagi 500 dan ziyod tashqi yozuvlar va axborot matnlari “Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunga moslashtirildi. Jumladan, “Beauty salon”, “Sloyonnaya samsa”, “Apteka” kabi yozuvlar o‘zbekchalashtirildi.

“Vaksina olganlar shifoxonadan 4 kunda chiqyapti, emlanmaganlarga juda og‘ir bo‘lyapti” — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev olimlarning tadqiqotiga asoslanib koronavirus bilan kurash hali yana kamida 10 yil davom etishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababdan “Sputnik V” va UZVAC vaksinalarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha muhokamalar bormoqda. Prezident fuqarolarni koronavirusga qarshi emlanishga chaqirdi. “Vaksina olganlarga shifoxonadan 4 kunda chiqyapti, emlanmaganlarga esa juda og‘ir bo‘lyapti”, — dedi u.