27 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida deputatlar tomonidan «Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda quyi palata matbuot xizmati.

Qonunchilik palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda aholining 65 foizi markazlashgan ichimlik suvi, 17 foizi oqova suv xizmatlari bilan ta’minlangan. 9 408 ta suv ta’minoti va 58 ta kanalizatsiya inshooti 72 ming km ichimlik suvi hamda 8,6 ming km oqova suv tarmoqlari orqali xizmatlar ko‘rsatilib kelinmokda, deyiladi xabarda.

Qonun loyihasi bilan:

  • har oyda kamida bir marotaba ko‘rsatilayotgan xizmatlar miqdorini aniqlash va hisoblagichlar holatini o‘rganish;
  • rejali to‘xtalish yoki tizimdagi uzilishlarni bartaraf etish davomiyligi 12 soatdan oshgan taqdirda aholini maxsus mashinalarda ichimlik suvi bilan ta’minlash;
  • 1 kun mobaynida tarmoqlarda buzilishlar, to‘xtalish muddatlari va cheklanishlar sabablari hakida iste’molchilarni xabardor kilish;
  • tariflar va ustama haqlarining narxi o‘zgarishi haqida 15 kun oldin iste’molchilarni xabardor qilish suv ta’minoti tashkilotlarining majburiyati qilib belgilanmoqda.

«Qonun loyihasining qabul qilinishi sohani barqaror rivojlantirishga, xizmatlar sifatini oshirishga, iste’molchilar tomonidan ichimlik va oqova suv quvurlariga noqonuniy ulanish holatlarining oldini olishga hamda iste’molchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida ochiq, teng huquqli mexanizmlar joriy etilishiga xizmat qiladi», — deya ta’kinlandi Qonunchilik palatasi xabarida.