O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev chorshanba kungi videoselektor yig‘ilishida mamlakatdagi epidemiologik vaziyatning yomonlashganiga to‘xtaldi va yana aholini koronavirusga qarshi emlanishga chaqirdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 27 iyul kuni O‘zbekistonda 843 nafar kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. Bu pandemiya boshlanishidan beri eng yuqori ko‘rsatkich. Shuningdek, 556 nafar kishida pnevmoniya aniqlanib, 8 nafar bemor vafot etdi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston har bir fuqarosining hayoti uchun kurashishni davom ettiradi va bu uchun kerakli choralarni ko‘radi.

Shavkat Mirziyoyev yana bir marotaba fuqarolar o‘z hayotlari va salomatliklari uchun mas’ul ekanliklarini eslatib o‘tdi. Prezident aholini yana koronavirusga qarshi emlanishga chaqirdi va 29 iyul kuni O‘zbekiston 3 million doza Moderna vaksinasini olishini ta’kidladi. Oldinroq xabar berilganidek, ushbu vaksinalar AQSh hukumati tomonidan COVAX dasturi doirasida beg‘araz yordam sifatida yuborilmoqda.

«Vaksina olganlar shifoxonadan 4 kunda chiqyapti, emlanmaganlarga esa juda og‘ir bo‘lyapti. Ha, vaksinadan keyin kasallanish mumkin, lekin kasallik yengil formada kechyapti», — deya qayd etdi u.

Oldinroq, Chilonzor tumanidagi savdo markazi binosida tashkil etilgan koronavirusga qarshi kurashish shifoxonasi shifokorlardan biri vaksina olgan 33 nafar bemor 3 kunda davolanib chiqqanini ma’lum qilgan edi.

Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, Rossiya rahbariyati bilan O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini qo‘shma ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Shuningdek, o‘zbek-xitoy vaksinasini ham O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar qilinmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqarilgan vaksina JSST ko‘rib chiqishi uchun yuborilgan. Prezident ushbu vaksinani ishlab chiqarishga katta mablag‘lar ajratilayotganligini ta’kidladi.

«Men bugun ertalab olimlarning tadqiqotini o‘qidim: biz bu kasallik bilan hali kamida 10 yil kurashishimizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun „Sputnik V“ va o‘zbek-xitoy vaksinasini ishlab chiqarishni muhokama qilyapmiz. Shuningdek, o‘zimizning vaksinamizni JSSTga yubordik. Bu uchun katta pullar ajratilyapti», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident aholining 14 toifasini majburiy emlash choralariga ham izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu majburiy chora.

Eslatib o‘tamiz, majburiy emlanish xizmatlar sohasida (umumiy ovqatlanish obyektlari, go‘zallik salonlari, mehmonxona biznesi, banklar) faoliyat yuritadigan, shuningdek, harbiylar, shifokorlar, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar va boshqalar uchun e’lon qilingan. 27 iyul kuni esa Qonunchilik palatasi deputatlari aholining ayrim toifalarini profilaktik emlashni majburiy qilishni qonuniylashtirish hamda ish beruvchilarga emlanishdan bosh tortgan xodimlarini ishdan chetlatishga ruxsat berish bo‘yicha qonunchilik kiritiladigan o‘zgartirishlarni ma’qullashdi.