O‘zbekiston laboratoriyalari «Puteshestvuyu bez COVID-19» («COVID-19`siz sayohat qilaman) ilovasiga qo‘shildi, deb xabar bermoqda Spot.

PZR testini 87 punktda topshirish mumkin, deya ma’lum qildi xizmatni ishlab chiqqan Yevroosiyo taraqqiyot bankining (FSI YeABR) Raqamli tashabbuslar jamg‘armasi matbuot xizmati. Foydalanuvchilar dasturdagi eng yaqin punktlarning to‘liq ro‘yxati bilan tanishishlari mumkin.

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab Rossiyaga Ozarbayjon, Moldova, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston hududlaridan kelganlar uchun «Puteshestvuyu bez COVID-19» ilovasidan foydalanish majburiy bo‘ladi.

Bugungi kunda ushbu ilovadan Rossiyaga kelishda Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zo mamlakatlar: Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tomonidan faol foydalanilmoqda. Foydalanuvchilar ushbu dasturni 530 ming martadan ko‘proq yuklab olishgan va u orqali 600 mingdan ortiq PZR-test natijalarini olishgan.

Keyinchalik ilovada aks etishi uchun tahlillarni 1942 punktda topshirish mumkin. Armanistonda 62 ta, Belarusda — 48 ta, Qozog‘istonda — 424 ta, Qirg‘izistonda — 144 ta, Rossiyada -1100 ta, Tojikistonda — 77 ta va O‘zbekistonda — 87 ta punktlar ochilgan. Ilovani App Store, Google Play va AppGallery (Huawei ilovalar do‘koni) da yuklab olish mumkin.

Spot qayd etishiga ko‘ra, ilovaning vazifasi koronavirus pandemiyasi sharoitida fuqarolarning mamlakatlar o‘rtasida erkin va xavfsiz harakatlanishini ta’minlashdan iborat. Raqamli yechim kasallik tarqalish xavfini kamaytiradi va davlatlararo darajada ishonchli boshqaruv tizimini ta’minlaydi.

Shu bilan birga, dasturning o‘ziga xosligi shundaki, transchegaraviy ma’lumotlar almashinuvi paytida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari uzatilmaydi.

Barcha ma’lumotlar faqat test o‘tkazilgan milliy darajada qoladi. Natijada, shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash faqat milliy qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.