Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining beshinchi kunida to‘rt nafar sportchi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etdi. Bugun o‘zbekistonlik sportchilar bitta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Xabar yozilgan vaqtda O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 1 ta bronza bilan umumiy jadvalda 25 o‘rinda ketmoqda.

Dzyudo. O‘zbekiston terma jamoasiga navbatdagi medalni 2020 yil O‘zbekistonning eng yaxshi sportchisi nomiga sazovor bo‘lgan dzyudochi Davlat Bobonov olib keldi. U -90 vazn toifasidagi ilk davrani italiyalik Nikolas Mungayga qarshi o‘tkazib, vazari bahosi bilan g‘alabaga erishdi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Ikkinchi davrada Bobonov ukrainalik Kejau Nxabaliga qarshi tatamiga ko‘tarildi. Bellashuv davomida ukrainalik dzyudochi ta’qiqlangan harakat bilan hujumga o‘tgani uchun unga texnik mag‘lubiyat yozildi va Bobonov muddatidan avval g‘alaba qozondi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Chorak final bosqichida gruziyalik Lasha Bekauriga qarshi tatamiga chiqqan o‘zbekistonlik sportchi raqibi hujumga o‘tgan vaqtda noto‘g‘ri harakat bilan himoyalandi va gruzin dzyudochisiga g‘alaba berildi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Bobonov bronza medali uchun kurashni davom ettirish qo‘shimcha bahsni ispaniyalik Nikoloz Sherazadishviliga qarshi o‘tkazdi. Bahsning 11-daqiqasi boshlangan vaqtda Bobonovning vazari bahosi uni bronza medali uchun bellashish bosqichiga olib chiqdi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Va nihoyat, bronza uchun bahsda Davlat Bobonov turkiyalik Mixael Zgankka qarshi tatamiga chiqdi. Bobonovning ijrosidagi usul ippon bilan baholandi va ushbu g‘alaba bilan Bobonov Olimpiy o‘yinlarida O‘zbekiston uchun ikkinchi medalni olib keldi.


Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Bundan tashqari, bugun yana bir o‘zbekistonlik dyuzdochi Gulnoza Matniyazova ham bellashuvlarda qatnashdi. -70 kg vazn toifasida kurashgan sportchi dastlabki bahsni Chad vakilasi Demos Memnelumga qarshi o‘tkazdi va uni mag‘lub etdi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Keyingi bosqichda Matniyazova ushbu vaznning birinchi saralangan vakili niderlandiyalik Sanne van Diyke bilan bahs olib bordi, va unga mag‘lab bo‘ldi. Shu bilan u yakkalik bahslaridagi ishtirokini yakunladi. Endi Matniyazova aralash jamoaviy yo‘nalishda ishtirok etadi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Boks. Bugun ikki nafar o‘zbekistonlik bokschi ham Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilishdi.

Amaldagi jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov -57 kg vazn toifasida dastlabki jangida irlandiyalik Kurt Uolkerga qarshi ringga ko‘tarildi. Hakamlarning 4 nafari Uolkerning g‘alabasini e’tirof etdi va Mirzahalilov Olimpiya o‘yinlarini erta tark etdi.

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi.

Yana bir o‘zbekistonlik bokschi Dilshod Ro‘zmetov Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi ikkinchi jangini o‘tkazdi. Chorak final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda unga Ozarbayjon vakili Alfonso Dominges raqib bo‘ldi. Jang Domingesning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Ro‘zmetov Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini muddatidan avval yakunlashga majbur bo‘ldi.