28 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi 21-mehribonlik uyini borib ko‘rdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, mazkur muassasada 122 nafar o‘g‘il-qiz tarbiyalanmoqda. Ularning 47 nafari yetim, 75 nafari ijtimoiy yetim bolalar. Ta’lim maskanida malakali o‘qituvchilar, psixolog, logoped, defektologlar faoliyat yuritmoqda. Robototexnika, mental arifmetika, sartaroshlik, pazandalik, tikuvchilik to‘garaklari tashkil etilgan.


Shavkat Mirziyoyev bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, bolalarning mashg‘ulotlarini ko‘zdan kechirdi.

«Bugun kelishimizdan maqsad sizlar bilan ko‘rishib, sizlarning timsolingizda barcha tarbiyalanuvchilar uchun sharoitlarni bundan-da yaxshilash, iloji boricha, oiladagidek muhit, tarbiya tashkil qilish. Hamma bilan teng bo‘lib ta’lim-tarbiya olishingiz, oliygohlarda o‘qib, kasb egallashingiz, uy va ish bilan ta’minlanib, hayotda munosib o‘rin topishingiz uchun imkoniyatlar yaratamiz. Shuni bilinglarki, sizlarning ota-onangiz, vataningiz bor. Davlat sizlarni hech qachon e’tiborsiz qoldirmaydi», — dedi prezident.

«Mehribonlik uyida sharoitlar yaxshi. Lekin bolalar bilan yakka tartibda ishlash, ularni kasbga yo‘naltirish talab darajasida emas. Tarbiyalanuvchilarning 18 yoshdan keyingi mustaqil hayoti, oliy ma’lumot olishi va bandligiga ko‘maklashuvchi mas’ul idora yo‘q», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, prezident barcha mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni Milliy gvardiya mas’ulligiga o‘tkazish taklifini bildirdi.


«Bu muassasalarning moddiy homiysi bor, ma’naviy homiy kerak. Bu ham savob, ham kerakli ish», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonda 16 ta mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasi bor. Ularda 1 ming 823 nafar o‘g‘il-qiz yashab, o‘qimoqda. 86 ta maxsus maktab-internatda 21 ming 363 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ushbu muassasalar, sinov tariqasida, Milliy gvardiya mas’ulligiga o‘tkazilishi belgilandi.